Fransiyada 1848 yil inqilobi va ikkinchi respublika
Reja:
- Fransiyada inqilobning kelib chiqish sabablari.
- Inqilobning boshlanishi va borishi, ikkinchi respublikaning e’lon qilinishi.
- Inqilobning yengilishi va uning oqibatlari.
4.Lui Bonapart Napoleonning Fransiyadagi hukumronligi.
1848 yil boshlarida, Fransiyada inqilobiy vaziyat yetilayotgan vaqtda saylov reformasi o‘tkazishni yoqlab harakat ya’nada kuchaydi. Ammo ministrlar sovetining raisi Gizo boshchiligidagi hukmron doiralar saylov tizimini demokratlashtirish to‘g‘risidagi hamma talablarni rad etdilar.Bu talablar moliya aristokratiyasining hukmronlik mavqeiga tahdid solar edi.
Parijda saylov reformasi tarafdorlarining navbatdagi banketi 1848 yil 19 yanvarda tayinlangan edi. Ma’murlar banketni taqiqladi. Shundan so‘ng u 22 fevralga ko‘chirildi. Ma’murlar banketni shu kuni ham uyushtirishga yo‘l qo‘ymasliklarini aytdilar. Liberal oppozitsiya hukumati xalqning ommaviy chiqishi yuz berishidan qo‘proq qo‘rqqanidan banket o‘tkazishdan voz kechishga qaror qildi.
Lekin omma passiv bo‘lib qolaverishni istamadi. 1848 yil 22 fevralda Parij mehnatkashlarining ommaviy namoyishlari bo‘lib, Gizoni iste’fo berishini va saylov reformasi o‘tkazishni talab qildilar. Ko‘p o‘tmay politsiya va qo‘shinlar bilan olishuv boshlandi. Ertasiga ertalab Parij ko‘chalarida kurash yangi kuch bilan avj olib ketdi. Shu bilan birga asosan mayda va o‘rta tabaqalardan iborat bo‘lgan milliy gvardiya batalonlarining ko‘pchiligi reforma kilish harakatiga xayrixox ekanligi ma’lum bo‘ldi. Lui-Flipp Gizoga iste’fo berishga va boshqa kamroq reaksion bo‘lgan kabinet tuzishga qaror qildi. Gizoning iste’fosi liberal burjuaziya doiralarini quvontirib yubordi, ammo ishchilar va hunarmandlar kurashni to‘xtatmadilar. 23 fevral kechqurun qurolsiz namoyishchilar olomoniga ig‘vogarlik bilan qo‘shinlar hujum qildi. Soldatlar namoyishchilarni o‘qqa tutdi. Olti kishi o‘ldi va ko‘plab kishilar yarador bo‘ldi.
Bu qonli jazo haqidagi xabar darhol butun shaharga tarqaldi va kishilarni qattiq g‘azabga keltirdi.
Liberal burjuaziya vakillari Lui Filipning go‘dak nevarasi — graf Parijskiyni qirol deb e’lon qilib, monarxiyani saqlab qolmoqchi bo‘ldilar. Birok xalq ommasi bu rejani barbod qildi. Ko‘pchiligi ishchilar bo‘lgan qurolli barrikada jangchilar olomoni deputatlar palatasining majlislar zaliga bostirib kirib, muvaqqat hukumat tuzilishini qattiq turib talab qildilar va bunga erishdilar.
25 fevralda muvaqqat hukumat Fransiyani respublika deb e’lon qildi. Respublika Parij ishchilarining bevosita tazyiqi ostida ishchilar kvartallarida mashhur bo‘lgan inqilob arbobi doktor Raspayl boshchiligidagi vakillarning talabi bilan e’lon qilingan edi.
Parij va Fransiyadagi boshqa sanoat shaharlarining ilg‘or ishchilari burjua-monarxiyasini ag‘darib, xalqka siyosiy erkinlikliklarnigina berib qolmasdan, balki mehnatkashlarni kapital zulmdan ham ozod qiladigan respublika tuzishga intildilar.
Fransiya proletariati sotsial respublika o‘rnatilishiga erisha olmadi, lekin o‘sha vaqtda ishchilar sinfining siyosiy ta’siri shu qadar katta ediki, muvaqqat hukumat ishchilarga birmuncha yon berishga majbur bo‘ldi.
23 fevralda ommaviy ishchilar namoyishi aloxida «mehnat ministrligi» tuzishni talab qilib chiqdi. Muvaqqat hukumat Lui Blan raisligida ishchilar masalasi yuzasidan hukumat komissiyasini tuzishdan iborat murosasozlik qarorini qabul qildi. Lui Blanning o‘rinbosari qilib, Alber tayinlandi. Komissiya o‘z majlislarini Luksemburg komissiyasi deb atay boshladi. Luksemburg komissiyasining majlislarida ishchi ittifoqlari hamda korxona egalarining delegatlari, shuningdek, bir qancha nazariyotchi-iqtisodchilar ishtirok etdilar. Luksemburg komissiyasining faoliyati korxona egalari bilan ishchilar o‘rtasida chiqqan janjalli masalalarda vositachilik qilish uchun asosiy o‘rin egalladi.
Umuman Lui Blanning 1848 yildagi faoliyati ishchilar sinfining tor-mor etishga tayyorlangan burjua reaksiyasi foydasiga xizmat kilardi. Muvaqqat hukumat ishchilar tazyiqi ostida ish kunini bir soat qisqartirish to‘g‘risida ikki marta dekret qabul qildilar.
Garchi korxona egalari bu dekretga yaxshi rioya qilmagan va uni bekor qildirish uchun harakat qilgan bo‘lsalarda lekin u fransuz ishchilarining muhim g‘alabasi edi.
Fevral burjua inqilobidan oldin boshlangan iqtisodiy krizis keyingi oylarda kuchayaverdi. Krizis davomida ko‘pgina sanoat korxonalari yopildi, ishsizlik ko‘paydi hamda shahar va qishloq mehnatkashlari o‘rtasida muhtojlik kuchaydi. Mayda burjuaziyaning keng tabaqalari xonvayron bo‘ldi.
Mehnatkashlar ommasining og‘ir ahvolda qolganligi xalq g‘alayonlariga sabab bo‘ldi. G‘alayonlar ba’zi joylarda kuchli, ba’zi joylarda kuchsizroq bo‘lsada, butun mamlakatga yoyildi. Ishchilarning namoyishlari, stachkalar, bo‘layotganligi, g‘allafurushlarning omborlariga, sudxo‘rlarning uylariga hujumlar qilinayotganligi to‘g‘risida Fransiyaning hamma yeridan xabarlar kelib turdi. Monarxiyaning ag‘darilishi va respublikaning e’lon qilinishi Fransiyaning oddiy kishilarida ancha yorug‘lik, kelajakka umid tug‘dirgan va ularning ekspluatator zulmiga qarshi kurashi kuchayishiga yordam bergan edi. Ishchilarning Lion, Sent-Eten, Reyles Sen — Kantendagi chiqishlari ayniqsa shiddatli bo‘ldi.
Ko‘pgina departamentlarda dehqonlar yirik yer egalari bir vaqtlar bosib olgan jami o‘rmonlaridan voz kechishni ulardan talab qildilar. 24 martda Nevr va Iona departamentlarida joylashgan pomeshchiklarning qasrini qurshab olib, pomeshchikni, “men shu yerdagi o‘rmonga bo‘lgan huquqlarimdan voz kechaman» — deb tilxat berishga majbur qildilar.
Fevral kunlarida Fransiyaning davlat moliyasi tamomila izdan chiqqan edi. Shu vaqtda xazinada 192 million frank naqd pul bor edi. Birjada davlat rentasining kursi to‘xtovsiz pasayib borardi. Muvaqqat hukumat yirik kapitalistlarning foydasini ko‘zlab, xalq ommasi ustiga tushgan ilgarigi soliqlarning deyarli hammasini saqlab koldi. Lekin davlat zayomlari obligatsiyalariga beriladigan foizlar ularning egalariga muddatidan oldin to‘landi.
Muvaqqat hukumat yirik kapitalistlarga soliq solishdan bosh tortib, yangi moliya og‘irliklarini mayda burjuaziya va dehqonlar zim-masiga yukladi. 9 martdagi dekretga muvofiq, omonat kassalari omonat ko‘ygan kishilarga 100 frankdan ortiq naqd pul bermasligi, olinadigan pul bundan ortiq bo‘lsa, qimmati juda pasayib ketgan davlat rentasi kuponlari bilan to‘lashi kerakligini ma’lum qildi.
Soliqlarning ko‘paytirilishidan respublika dushmanlari, qishloq aholisining keng ommasi bilan Parij va boshqa shahar ishchilari o‘rtasida adovat solish uchun foydalandilar Kontrrevolyusion elementlar, ishchilar ishlashni xoxlamayapti va davlatni o‘zlarini boqishga majbur qilmoqda, degan ig‘vo tarqatdilar.
Fransiya jamoatchiligi inqilobiy-demokratik o‘zgartirishni talab qilmadilar. Ular polyak xalqi va Yevropadagi boshqa mazlum xalqlarning ozodlik harakatini Fransiya faol qo‘llab-quvvatlaydi deb harakat qildilar va monarxiya davlatlariga qarshi urushni yoqlab chiqdilar. Buni tinchlikni saqlashning zaruriy sharti deb bildilar.
O‘ng kanot burjua respublikachilari ta’sis majlisining tezroq chaqirilishiga harakat qildilar. Ularning mo‘ljaliga qaraganda, tasis majlisi muvaqqat hukumatga qaraganda ko‘proq konservativ bo‘lishi kerak edi. Inqilobiy doiralar esa aksincha, saylovlarga yaxshiroq tayyorlanish va o‘z deputatlarining g‘olib chiqishini ta’minlash uchun saylovni kechiktirshni yoqlab chiqdilar.
Muvaqqat hukumat oldiga: qo‘shinlarning qolgan qismini Parijdan olib chiqib ketish va ta’sis majlisiga saylovlarni 31 maygacha kechiktirish talablari qo‘yildi. Ba’zi inqilobiy klublarning delegatlari hukumat siyosatini tanqid qildilar va uning tarkibini xalqning to‘la ishonchiga sazovor emasligiga ishora qildilar. Lui Blan ishchilarni, muvaqqat hukumat sizlarning extiyojingiz haqida tinmay g‘amxo‘rlik qilmokda va talablaringizni ko‘rib chiqishda darhol kirishadi, deb ishontirish uchun o‘zining bor kuchini ishga soldi.
1848 yil 23 aprelda ta’sis majlisiga saylovlar bo‘ldi. Reaksion unsurlar demakratik guruxlarning o‘z nomzodlarini o‘tkazishga xalaqit berish uchun hamma vositalarni ishga soldilar Saylovni o‘tkazish ishlari eski monarxiya ma’muriy apparati qo‘liga topshirilgan edi va reaksion unsurlar yana shu apparatlarga ishongan edilar. Ko‘p ishchilar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmagan edi. Lekin boy odamlar yashirincha bir nechtadan byulleten olgan edilar. Demokratik kayfiyatdagi saylovchilarga qo‘pol ravishda tazyiq ko‘rsatdilar, jazo beramiz deb ularni ko‘rqitdilar. Ikkilanadigan o‘rta tabaqalarni qo‘rqitishga mo‘ljallangan targ‘ibot nixoyatda keng, avj oldi. Ana shularning hammasi natijasida saylovlar o‘ng qanot burjua respublikachilarining g‘alabasi bilan tugadi.
Saylovlar nixoyatda keskin bir vaziyatda o‘tdi. Uchta sanoat markazida Ruan, Elber va Limojda ish qurolli kurashgacha borib yetdi. Saylanganlar orasiga ashaddiy kontrrevolyusionerlar kirib qolganligidan g‘azablangan Ruan ishchilari saylovlar bo‘layotgan binoga bostirib kirib ma’muriyat vakillarini saylovlarni soxtalashtirishga aybladilar. Ruandada ikki kun davomida 27 va 28 aprelda burjua milliy gvardiyasi bilan qo‘zg‘olon ko‘targan ishchilar o‘rtasida qattiq ko‘cha janglari bo‘lib o‘tdi.
Ruandadagi voqealar butun mamlaktga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Parijdagi inqilobiy klublar ma’murlarning shafqatsiz harakatlarini qattiq qoraladi va Ruanda ishchilari qirg‘inining aybdorlari ustidan tergov va sud o‘tkazishni talab qildilar.
Ta’sis majlisi a’zolarining umumiy soni 880 ta edi. Unda burjua partiyasi bo‘lgan «uch rangdagi bayroqli respublikachilar» eng ko‘p deputatga va ta’sirga ega bo‘lgan partiya edi. Ta’sis majlisida kuchlarning bunday nisbati ishchilardan fevral inqilobi natijasida qo‘lga kiritilgan demokratik erkinliklarni tortib olishga intilayotgan reaksion kuchlarning oshkora hujumga o‘tishiga imkon berdi.
Ta’sis majlisi Ijroiya komissiyasi deb atalgan yangi hukumat tuzdi. Undagi a’zolarning juda ko‘pchiligi o‘ng qanot burjua respublikachilari edi. Bu hukumat tarkibiga bironta ham sotsialist kiritilmagan edi. Ta’sis majlisining bu ishi Parij ishchilari o‘rtasida qattiq norozilik tug‘dirdi. 15 mayda ko‘pchiligi ishchilar va mayda hunarmandlardan iborat bo‘lgan ikki yuz ming kishilik namoyishchilar ish ko‘rayotgan burbonlar saroyi binosiga qarab yurdi. Namoyish tashkilotchilari Parijdagi inqilobiy klublar bo‘lib, namoyishchilarning bir qismi majlislar zaliga bostirib kirdi. Raspayl, Blanki, Barbes va boshqa inqilobiy arboblar nutq so‘zlab, o‘z nutqlarida yirik kapitalistlarga 1 milliard frank miqdorda soliq solishni, hukumat ishlarini nazorat qilib turish uchun komitet tuzishni, qo‘shinlarni Parijdan olib chiqib ketishni, ishsizlar va muhtojlarga yordam berishni, Poznandagi polyaklarning ozodlik harakatiga madad berish uchun fransuz qo‘shinlarini yuborishni taklif qildi.
Bu takliflardan birontasi ham ta’sis majlisi deputatlari tomonidan ma’qullanmadi va xatto muhokama ham qilinmadi.
Deputatlarning ko‘pchiligi qochib ketdi. Blanki va Raspayl ta’sis majlisini tarqatib yuborish uchun siyosiy vaziyat hali yetilgani yo‘q deb hisoblab, namoyishchilarni tarqatishga urindilar. Ta’sis majlisi yana o‘z ishini davom ettirdi. Barbes bilan Alber qamoqka olindi, o‘sha kuni Raspayl, bir necha kundan keyin esa Blanki ham qamoqqa olindi. Parijning ishchilari va mayda burjua demokratlari o‘zlarining eng yaxshi yo‘lboshchilaridan ajraldilar. Reaksion matbuot milliy ustaxonalar ishlab chiqarish hayotini tiklashga halaqit berdi, degan bahonalar bilan ularni yopishni talab qilib, ularga qarshi hujumga o‘tdi. Milliy ustaxonalarda ishlayotgan ishchilarning inqiloby klublar bilan yaqinlashayotganliklari yirik burjuaziyani qattiq tashvishga solib qo‘ygan edi.
22 iyunda hukumat farmoyishi e’lon qilinib, unda milliy ustaxonalarda ishlayotgan 18 dan 25 yoshgacha bo‘lgan va Parijda doimiy turar joyi bo‘lmagan ishchilarning armiyaga olinishi buyurilgan edi. 25 yoshdan oshgan ishchilarga provinsiyalarda yer qazish ishlariga jo‘nash uchun tayorgarlik ko‘rish taklif etilgan edi.
Bu farmoyish ishchilarni qattiq, g‘azablantirdi. Ishchilar sinfining ilg‘or vakillari Parijdan uzoqlashtirishga harakat qilinayotganini ishchilar tushindilar. Milliy ustaxonalar brigadalari markaziy byurosining a’zolari jamoat ishlari ministriga xat bilan murojaat qilib, unda «respublika tuzumining daxlsizligini ta’minlaydigan demokratik, sotsial ximoya ta’minlanmaguncha ishchilar Parijdan ketmasligini bildirdi» lar.
1848 yil iyun barrikadalari ustida hilpiragan bayroqlarga yozilgan jangovor chaqiriqlar iyun qo‘zg‘olonini proletar qo‘zg‘oloni xarakterida ekanligini ko‘rsatar edi. Yo non, yoki ko‘rg‘oshin, yo ko‘rg‘oshin, yo ish. Yo ishlab yashaylik yoki jang qilib halok bo‘laylik! » Yo‘qolsin kishini kishi ekspulatatsiya qilishi!» , «Yashasin assotsiatsiya tuzish yo‘li bilan mehnatni tashkil qilish!» degan so‘zlar ularning eng umumiy shiori edi. Qo‘zg‘alon g‘alaba kozonganidan so‘ng e’lon qilish mo‘ljallangan «demokratik va sotsial respublika hukumati» a’zolarining ro‘yxatlari barrikadalarga tarqatilgan edi.
1848 yil iyun qo‘zg‘alonining eng ko‘zga ko‘ringan rahbarlaridan biri ish tashlash harakatida ishtirok etgan inqilobchi, ishchi-mexanik Rakari edi. Iyun qo‘zg‘oloni kunlarida Vogezlar maydonini mudofaa qilishda rahbarlik qilgan Rakari zo‘r g‘ayrat ko‘rsatib, atrofdagilarga so‘zi bilan ham ishi bilan ham dalda berib turdi. Bu qo‘rqmas qo‘zg‘olonchi oxir-oqibat hibsga olinib, qo‘zg‘olonda qatnashgani uchun qatorgaga surgun qilindi. Iyun qo‘zg‘olonida sotsialistik gazeta bo‘lgan «Mehnatni tashkil qilish» gazetasining muharriri Lakolonj (yoki Delakolonj) katta rol o‘ynadi. Qo‘zg‘alon ko‘targan ishchilar sakkizinchi okrug armiyasi joylashgan binoni egallaganlarida, qo‘zg‘olon rahbarlari orasida Kenzven klubi raisining o‘rinbosari, optika masteri Defer va inqilobiy klubning kotibi sobiq ofitser Pelle ham bor edi. Ibryun to‘qqizinchi okrugdagi qurolli kurashga rahbarlik qildi. Duradgorlik ustaxonasining egasi milliy gvardiya 8-legionning rahbari Desterakt barrikadalarga qo‘mondonlik qildi. Provinsiyalardagi shaharlarning ilg‘or ishchilari Parij ishchilariga hayrixox ekanliklarini bildirdilar va inqilobiy chiqishlar bilan ularni quvvatlashga urindilar. Luveda katta-katta namoyishlar bo‘lib, «yoki ishlab yashaylik, yoki jang qilib halok bo‘laylik!» degan xitoblar eshitilar edi. Essonda, Fentenblyuda joylashgan askarlarning Parijga yetib kelishiga to‘sqinlik qilish uchun barrikadalar qurilgan edi. Biroq provinsiyalardagi mehnatkashlarning Parijdagi qo‘zg‘olon ko‘targan ishchilarga yordam berish uchun qilgan bu urinishlari juda ham kuchsiz edi. Iyun barrikadalarida Parij proletarlari yolgiz o‘zlari kurashdilar, mayda burjuaziya va dehqonlar yirik burjuaziya tomonida bo‘lib koldi. Yirik burjuaziya aldov va bo‘htonlari bilan ularni Parij ishchilariga qarshi qilib qo‘ygan edi.
1848 yil 12 noyabrda respublikaning ikkinchi Konstitutsiyasi e’lon qilindi. Uni ta’sis majlisi ishlab chiqqan va qabul qilgan edi. 1848 yil Konstitutsiyasi yirik burjua manfaatlariga tamomila mos kelar edi. Bu Konstitutsiyada e’lon qilingan burjua demokratik erkinliklarga ko‘pgina cheklashlar ko‘yilgan edi. Masalan: Konstitutsiya umumiy saylov huquqini e’lon qilgan edi, ammo 21 yoshga kirgan va saylovlar o‘tayotgan joyda kamida olti oy yashagan erkaklargina saylov huquqiga ega deb saylovchilar doirasi cheklab qo‘yilgan edi. Konstitutsiyada so‘z, matbuot, majlislar, ittifoq erkinligini e’lon qilgan edi. Bu erkinliklarning hammasidan foydalanish «jamiyat xavfsizligi» manfaatlariga muvofiq ravishda cheklandi va keyinchalik ishlab chiqiladigan «asl qonunlar» bilan tartibga solinib turishi kerak deb izoh berib qo‘yilgan edi.
Konstitutsiya prezidentga juda katta vakolatlarni berdi. Konstitutsiyada hokimiyatning bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita nufuzli organi: prezident va parlament bo‘lishi ko‘rsatilgan edi. Prezident ikkinchi qayta to‘rt yilga saylana olmas, majlisni ham bekor kila olmas edi. Lekin nazoratsiz ish ko‘rar edi. Bu hol respublika uchun jiddiy xavf tug‘dirardi.
1848 yil 10 dekabrda respublika prezidentligiga saylov bo‘ldi. Oltita nomzod ko‘rsatilgan edi. Parijning ilg‘or ishchilari bu vaqtda turmada o‘tirgan Raspayl’ nomzodini ko‘rsatdilar. Mayda burjuaziya demokratik tabaqalarning nomzodi Ledro Rollen edi. Burjua respublikachilarining asosiy ommasi Kavinyakni yokladi. Lekin Kavinyakka Napoleon I ning jiyani shaxzoda Lui Bonapartdek xavfli raqib bor edi. Respublikani yo‘q qilishga intilgan va Lui Bonapartning saylanishi monarxiya tiklanishini yengillashtiradi deb hisoblagan yirik burjuaziyaning e’tiborli doiralari uni mablag‘lar bilan ta’minlayottan edi. Ishchilarga tilyog‘lamachilik qilgan, o‘zini «mehnatkashlar do‘sti» qilib ko‘rsatgan makkor avantyurist Lui Bonapart hamma sinflarga va’dalar berib, ularning qo‘ltig‘ini puch yong‘oqqa to‘ldirdi. Saylov natijasi quyidagicha bo‘ldi: Lui Bonapart 5534520 ovoz (hamma ovozning75%), Kavinyak 1448302 ovoz, Ledro Rollyan 371431 ovoz, Raspayl 36964 ovoz oldi.
Lui Bonopart saylanishida mamlakat aholisining ko‘pchiligini tashkil etgan dehqonlarning tutgan pozitsiyasi hal qiluvchi rol o‘ynadi. Dehqonlar Lui Bonapartta ovoz berar ekan, bu bilan qishloq aholisi zimmasidan soliqlar og‘irligini oshirgan burjua-respublikachi hukumati siyosatiga qarshi o‘z noroziligini bildirgan edi. Bonapartning agentlari dehqonlarni aldab, Lui Bonapart prezident bo‘lganidan keyin 45 santelilik ko‘shimcha soliqni bekor qiladi va qishloq aholisining keng tabaqalarni sudxo‘rlar zulmidan xolos qiladi, deb ishontirgan edilar. Bonapartchilar Fransiya qishloqlarida Napoleon I xotirasi xali ham unitilmaganligidan foydalandilar. Chunki dehqonlarning bir qismi feodal zulmni yo‘qotgan XVIII asr oxiridagi burjua inqilobi xotirasini Napoleon I ning nomi bilan atar edilar. Dehqonlarning bu umidlari ro‘yobga chiqmadi. Davlatning yangi boshligi yirik kapitalistlarning sodiq xizmatkori bo‘lib chiqdi.
Lui Bonapart 1848 yil dekabrda prezidentlik lavozimiga o‘tirdi. 21 dekabrda yangi ministrlik tuzilib, unga demokratiya va sotsializmning ashaddiy dushmani, Barro bosh bo‘ldi. Odilon Barro ministrlarni respublikachilardan ommaviy suratda «tozaladi» va ularning o‘rniga monarxistlarni qo‘ydi. O‘sha vaqtlarda monarxistlar bir-biri bilan dushmanchilik qilayotgan ikki fraksiyaga: legimistlar va orleanchilarga bo‘lingan edi.
Legimistlar Burbonlar monarxiyasini tiklashga harakat qilar va Fransiya taxtining davogari qilib Karl X ning nabirasi graf Shamborni ko‘rsatdilar Orleanchilar orleanlar monarxiyasining tiklanishiga tarafdor bo‘lib,taxt davogarligiga Lui Filipning naberasini ko‘rsatdilar.
1849 yil 13 mayda qonun chiqaruvchi majlisga saylovlar bo‘ldi. Saylovda monarxiyachi partiyalarning uchalasi-legimistlar, orleanchilar, bonapartchilar mayda burjua demokratlari bilan sotsialistlar blokiga qarshi turgan yagona «tartib partiyasi» 500 ta o‘rin oldi. Ung qanot burjua respublikachilari esa faqat 70 ta ovoz ola oldilar. Ammo demokratik-sotsialistik blok 180 o‘ringa ega bo‘ldi xolos.
1849 yil 26 mayda ta’sis majlisi yopildi, ikki kun utgandan keyin esa qonun chiqaruvchi majlisning yig‘ilishlari ochildi, majlis ichida uning reaksion ko‘pchiligi bilan demokratik ozchiligi o‘rtasida kurash qizib ketdi. Keskin to‘qnashuvning boshlanishiga Fransiya ko‘shinlarining Rim respublikasiga qarshi kurashi uchun Italiyaga yuborilishi sabab bo‘ldi. Respublikachi Fransiyaning Rimdagi inqilobga qarshi intervensiyasi Fransiya respublikasining qurolli kuchlaridan boshqa xalqning erkinligiga qarshi foydalaishni taqiqlagan 1848 yil Konstitutsiyasini qo‘pol ravishda buzish demak edi.1849 yil 11 iyunda Ledro-Rollen demokratik — sotsialistik blok nomidan prezident va uning ministrligini Konstitutsiyani buzganligi uchun sudga berish to‘g‘risida taklif kiritdi. Qonun chiqaruvchi majlis ko‘pchilik ovoz bilan bu taklifni rad etdi, Parijda qo‘zg‘olon ko‘tarish uchun urinishlar natija bermadi. Mayda burjua demokratiyasining yetakchilari ommani kurashga chaqira olmadilar. Bundan bir yil ilgari mag‘lubiyatdan zaiflashib qolgan Parij ishchilar sinfi voqealarning borishiga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmadi. Qo‘shinlar bir necha naridan beri qurilgan va mudofaasi bo‘sh bo‘lgan barrikadalarni osongina bosib oldi. «Tartib» partiyasining kontrrevolyusion siyosati respublika tuzumini ag‘darish va monarxiyani o‘rnatish maqsadida bo‘lgan bonapartchilar to‘ntarishiga yo‘l ochib berdi.
Bonapartchilar matbuoti yirik burjuaziyani «kizil sharpa» bilan ishchilar sinfining 1852 yilda prezidentlikka va yangi qonun chiqaruvchi majlisga saylovlar vaqtida go‘yo boshlanishi kerak bo‘lgan yangi inqilob bilan ko‘rqitar edilar.
Lui Bonapart va uning to‘dasi ko‘pdan beri tayyorlab kelgan davlat to‘ntarishi 1851 yil 2 dekabrga o‘tar kechasi amalga oshirildi. Artilleriyaga ega bo‘lgan ko‘p sonli qo‘shinlar poytaxtni barcha strategik punktlarini eg‘alladi. Prezident Parijni qamal holatda deb e’lon qildi. Qonun chiqaruvchi majlisni tarqatib yubordi. Bonapartizmga qarshi partiyalarning yo‘lboshchilari qamoqqa olindi.
1851 yil 2 dekabrda to‘ntarish bilan birga shafqatsiz politsiya terrori olib borildi. Qamoqka olinganlar soni 26 ming kishidan ortdi. Minglab odamlar qamaldi, surgun qilindi, Fransiya tuprog‘idan chiqarib yuborildi.
1852 yil 14 yanvarda yangi Konstitutsiya e’lon qilindi. Bu Konstitutsiya Fransiyadagi butun hokimiyatni o‘n yilga saylanadigan respublika prezidenti ko‘liga topshirdi.
1852 yil 2 dekabrda Lui Bonapart Napoleon III nomi bilan imperator deb e’lon qilindi, Ikkinchi respublika yo‘q qilinib, uning o‘rnini ikkinchi imperiya oldi. Bonapartchilar monarxiyasining o‘rnatilishi yirik burjuaziyaning eng reaksion va eng agressiv qatlamlari hukmronligining mustahkamlanishini bildirar edi. Fransiyada uzoq davom etgan siyosiy reaksiya davri boshlandi.
1848 yil inqilobi o‘z xarakteriga ko‘ra burjua-demokratik inqilobi edi. Fransiyadagi 1848 yil inqilobining harakatlantiruvchi kuchlari ishchilar sinfi va mayda burjuaziya edi. Monarxiyani ag‘darishda va respublikani o‘rnatishda proletariat hal qiluvchi rol o‘ynadi. Proletariatning 1848 yil iyunida Parijda ko‘targan qo‘zg‘oloni tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Demokratik o‘zgarishlar sekin-asta bekor qilina boshlandi va hokimiyat borgan sari o‘ng siyosiy guruhlar qo‘liga o‘tishi bilan inqilobiy o‘zgarishlar o‘rnini reaksion qonunlar egallay boshladi. Shunday qilib Fransiyada burjua — demokratik o‘zgarishlar oxirigacha amalga oshmay qoldi.