Mustaqillik uchun olib borilgan urushdan keyingi dastlabki o‘n yilliklarda AQSh
Reja:
- XIX asr boshlarida AQSh ning ijtimoiy-iqtisodiy axvoli.
- XIX asr boshlaridaAQShning tashki siyosati.
- XIX asrning birinchi yarmida AQShda kapitalizmning rivojlanishi.
- 1823yilda «Monro doktrinasi» ning joriy qilinishi va moxiyati.
Amerika xalqining mustaqillik uchun Angliyaga qarshi olib borgan urushda g‘alaba qozonishi AQShning mustaqil milliy taraqqiyoti uchun qulay sharoit yaratib berdi. Ayni zamonda Yevropada uzoq vaqt davom etgan urushlar Amerika respublikasiga o‘z chegaralarini ancha kengaytirishga imkon berdi. Qo‘shma Shtatlarning 1803 yilda Fransiyadan Luizianani hamda Missisipi daryosining g‘arbiy territoriyasini sotib olishi ayniqsa muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Luiziana sotilgan vaqtda uning chegaralari aniqlanmagan edi. AQSh bundan foydalanib 1810 yilda Ispaniyaga qarashli g‘arbiy Floridani ham egallab oldi.
Luiziana AQShga qo‘shib olinishi bilan mamlakatning avvalgi territoriyasi ikki barobar kengaydi. Bu qo‘shib olish g‘arbga, Tinch okeani tomonga qarab harakat qilish uchun keng imkoniyat berdi.
Amerikaliklar g‘arbga tomon siljib borish va yangidan-yangi territoriyalarni o‘zlashtirish bilan birga tub hindu aholisini surib chiqardi, uning yerlarini bosib oldi va bu aholini vaxshiylarcha qirg‘in qildi. Kapitalistik sivilizatsiyaga to‘qnash kelgan hindu qabilalarining ko‘pchiligi taraqqiyotning ibtidoiy jamoatchilik bosqichida edi.
Hindular juda katta qarshilik ko‘rsatdilar, hindu qabilalarini bir-biridan ajratib tashlash, ular o‘rtasida o‘zaro adovat tug‘dirish bilan hindularning qarshiligi zaiflashtirildi. Ko‘chib borib o‘rnashuvchilar yer uchun kurashda bir qabilani ikkinchisiga gij-gijlab ularning bir-birovlarini qirib yuborishga harakat qildilar.
1810-1811 yillarda hindular algonkinlar kosfederatsiyasining atoqli yo‘lboshchisi Tekumse rahbarligida o‘zlarining so‘nggi katta urushlarini boshladilar. Tekumse, amerikaliklarga qarshi Kanadadan tortib Floridagacha cho‘zilgan territoriyaga barcha qabilalarning mudofaa ittifoqini tuzishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Juda mardona jang qilgan hindular ayrim yutuqlar qozonishlariga qaramay tor-mor etilib, o‘z territoriyalaridan ajraldilar.
Angliya bilan Amerika o‘rtasida bo‘lgan ikkinchi urush vaqtida (1812-1815) hindu qabilalarining urush natijasida kuchi shu qadar zaiflashdiki, ayrim yutuqlarni hisobga olmaganda ular endi jiddiy qarshilik ko‘rsatishga ojizlik qildilar. 1815 yildan keyin amerikaliklar hindu kabilalarining qolgan qutganlarini Missisipi daryosining narigi tomonidan maxsus ajratilgan territoriyaga xayday boshladilar.
Angliya monarxiyasiga qarashli yerlar va aristokratlarning latifundiyalari inqilobiy urush davrida musodara qilindi va keyin kichik-kichik bo‘laklarga bo‘lib sotildi. 1787 yilda konfederatsiya kongressi g‘arbdagi yerlarning natsionalizatsiya etilganini e’lon qildi. 1800 yilgi qonunga muvofiq sotiladigan yer uchastkalarga bo‘linib, ularning hajmi kamaytirildi ya’ni 640 akrdan 60 akrga tushirildi.
Yevropada 1793 yildan 1814 yilgacha davom etgan urush davrida oziq-ovqat mahsulotiga bo‘lgan ehtiyoj fermer xo‘jaligining o‘sishiga sabab bo‘ldi.
Paxtachilikning o‘sishi natijasida AQShning janubida negr qullar soni tez ko‘paya boshladi. Janubiy Shtatlarga Afrikadan (zo‘rlik bilan) qullar keltirila boshlandi.
Shunday qilib, AQShdagi shimoliy va janubiy shtatlarning qishloq xo‘jaligi ikki yo‘l bilan rivojlandi: Janubda qullarni ekspluatatsiya qilishga asoslangan yirik plantatsiya xo‘jaligi hukm surdi. Bu xo‘jaliklar o‘rtasida chuqur va tobora keskinlashib boruvchi bir necha o‘n yilda mamlakatning shimoliy qismida kapitalistik sanoat taraqqiy qilish bilan bir vaqtda AQShda «dastlabki jamg‘arish» jarayoni davom etdi. Bu jarayonning asosiy manbalari qulfurushlik va negrlarning qullik mehnati, hindular bilan ekvivalentsiz talonchilikka asoslangan savdo-sotiq olib borish va yer olib sotish edi.
1783 yilda sulh tuzilganidan keyin, Amerika bozorini fabrikalarda ishlab chiqarilgan arzon baholi ingliz tovarlari bosib ketdi. Amerika manufakturasida yasalgan buyumlar ingliz tovarlari bilan raqobat qilolmadi. Bunday sharoitda Amerika savdogarlari katta zarar ko‘rdilar.
Inglizlarning dengizda qilayotgan zulm va o‘zboshimchaliklarini bahona qilib, Amerika 1807 yilda Angliya bilan savdo aloqasini uzdi. Bu esa AQShning iqtisodiy taraqqiyoti uchun, jumladan Amerika sanoatining rivojlanishi uchun juda katta turtki bo‘ldi. 1807-1809 yillarda 87 ta to‘qimachilik korxonalari qurildi. Ingliz tovarlarining yo‘q bo‘lib ketishi Amerikaning o‘zida ishlab chiqarilgan buyumlar uchun keng bozorni vujudga keltirdi va to‘qimachilik sanoatida texnika o‘zgarishi yuz berishiga sabab bo‘ldi.
Birinchi ip-yigiruv fabrikasi 1789 yilda Samyuel Sleyter tomonidan Patuketda (Rod Aylendda) qurildi. Oradan 15 yil o‘tganidan keyin, ya’ni 1804 yilda AQShda yana 4 ta ip-yigiruv fabrikasi ishga tushdi.
Qabul qilingan Konstitutsiya asosida AQShda milliy hukumat tuzildi. Bu esa shtatlar o‘rtasida boj urushiga xotima berdi. Mamlakat g‘arbida yangi vujudga kelayotgan shtatlarni huquqiy jihatdan avvalgi 13 shtat bilan tenglashtirish va bir davlat qilib birlashtirish asosiy maqsad qilib qo‘yildi.
XIX asr boshlarida AQShda reaksiya kuchaydi. Prezident federalist Jon Adame tashabbusi bilan bir qancha reaksion qonunlar chiqarildi. Fransiya bilan Irlandiyadan borgan inqilobiy muhojirlar «chet eldagi muhojirlar to‘g‘risida» gi qonun asosida ta’qib qilina boshlandi.
Jon Adams hukumatining reaksion siyosatiga javoban katta norozilik harakati ko‘tarildi. Harakatga respublikachilar rahbarlik qildilar.
Kentukki va Virginiya shtatlarining qonun chiqaruvchi majlislari agar hukumat o‘z siyosatini o‘zgartirmasa «inqilob qilinadi, yoki qon to‘kiladi» deb hukumatga taxdid soluvchi qarorlar qabul qildilar.
Plantatorlarning va o‘rta darajadagi burjuaziyaning bir qismidan, mayda burjuaziya va fermerlardan iborat antifeodalist siyosiy blokka tayangan respublikachilar 1800 yilgi saylovda g‘alaba qozondilar va Jeffersonni prezident qilib sayladilar.
Jefferson, Adams chiqarilgan reaksion qonunlarni bekor qilib, progressiv reformalar o‘tkazdi. Bu reformalar orasida g‘arbdagi natsionalizatsiya qilingan yerlarni fermerlarga berishning yengillashtirilishi eng katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
1803 yilda Luiziananing sotib olinishi va 1802-1809 yillarda Rossiya bilan birinchi marta diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi Jefferson tomonidan tashqi siyosat sohasida amalga oshirilgan eng muhim tadbirlardan biri edi.
Yevropada uzoq vaqt davom etgan urush Yevropa davlatlarining diqqatini g‘arbiy yarim shardan chalg‘itib, ularning bu rayondagi mustamlakachilik faoliyatini zaiflashtirdi. Ayni zamonda urushayotgan davlatlarning g‘allaga va mustamlaka tovarlariga extiyoji kattaligidan foydalanib, AQSh burjuaziyasi Yevropada o‘z mahsulotlari bilan, shuningdek, mustamlaka tovarlari bilan savdo qilishni avj oldirib yubordi. Amerika burjuaziyasi urushayotgan xar ikkala tomon bilan savdo qilishga harakat qildi. Biroq bu davrda u to‘sqinliklarga uchradi. Shu davrda, urishayotgan ikkala tomon bilan AQSh o‘rtasida bir qancha katta janjallar chiqdi. Amerikaning Angliyaga yuk ortib borayotgan savdo kemalariga 1798 yilda hujum qilindi. Bu Fransiya bilan AQSh o‘rtasida chiqqan tortishuv, hamda ikkala davlat o‘rtasidagi munosabatlarning jiddiy suratda keskinlashuviga sabab bo‘ldi. AQSh bilan Fransiyaning harbiy va qurollangan savdo kemalari bir-birining payiga tushdi. Uch yil ichida (1797-1800) amerikaliklar fransuzlarning 15 ta kemasini qo‘lga tushirib oldilar. Napoleon Amerika savdosiga qarshi bo‘lgan tadbirlarini 1799 yilning dekabrida bekor qilgandan keyingina, AQSh bilan Fransiya o‘rtasida urush chiqish xavfi yo‘q bo‘ldi.
Birok sal vaqt o‘tmay, xuddi ana shu masalada AQSh bilan Angliya o‘rtasida munosabatlar yomonlashdi. 1806 yidda Angliya hukumati Yevropa kit’asining qamal etishini e’lon qildi. Shundan keyin ikki tomon Angliya bilan Fransiya AQShning Yevropadagi savdosini tobora ko‘proq, cheklay boshladilar, dengizda ustun bo‘lgan Angliyaning hatti-harakatlari Amerika savdogarlarining manfaatlariga juda katta ziyon yetkazdi. Ingliz ma’murlari qochoqlarni qidirish bahonasi bilan Amerika kemalarini ochiq dengizda to‘xtatar, kema a’zolarini zo‘rlik bilan olib ketar edilar. 1807 yilda ingliz harbiy kemasi Amerikaning «Chezapik» nomli kichik hajmdagi yelkanli harbiy kemasini o‘qqa tutdi. Natijada 20 ga yaqin kishi o‘ldi va yarador bo‘ldi, kemada tintuv o‘tkazildi va rahbarlaridan 4 a’zosi hibsga olindi. Bu voqeaga AQSh da «milliy suverenitetga suiqasd qilish» — deb baho berildi. Mamlakatda qattiq g‘azab alangasi ko‘tarildi.
1812 yilda Angliya bilan Amerika o‘rtasida ikkinchi marta urush boshlandi. Bu urushning eng muxim sababi Angliyaning AQSh milliy suverenitetini tan olmasligi bo‘lib, mustakillik uchun olib borilgan urushdan keyingi dastlabki 30 yil davomida Angliya AQShning asosiy dushmani bo‘lib qolaverdi. O‘zining sobiq mustamlakalari mustaqilligini harbiy mag‘lubiyat natijasidagina tan olishga majbur bo‘lgan Angliya o‘z mustamlakalari ustidan bo‘lgan hukmronligi umididan butunlay voz kechdi.1793 yilgi sulh shartlariga qarama-qarshi o‘laroq Angliya qulay payt poylab, shimoliy-g‘arbiy istehkomlardagi qo‘shinlar yordami bilan urush harakatlarini yana boshlab yuborishi mumkin edi.
1812 yilgi urushning kelib chiqish sabablaridan biri Luiziananing AQSh ga qo‘shib olinishi bo‘ldi. Inglizlarning Luiziana va Floridadagi josuslari zo‘r berib AQSh bilan Ispaniya o‘rtasida harbiy to‘qnashuv chiqarishiga urinmoqda edilar.
Amerika savdosi uchun qo‘yilgan cheklashlarni bekor qilish haqida AQSh bilan Angliya o‘rtasida uzoq vaqt davom etgan muzokaralar ijobiy natija bermadi. 1812 yilning 18 iyunida kongressning ikkala palatasi Angliyaga urush e’lon qilishni yoqlab ovoz berdi. Angliyaning dushmanlik siyosati natijasida kelib chiqqan 1812-1815 yillardagi urush AQSh uchun ozodlik urushi edi. Bu urush AQSh tarixida mustaqillik uchun olib borilgan ikkinchi urush deb ataldi.
AQSh urushga tayyor emasdi. Uning harbiy flotida bor-yo‘g‘i 16 ta kema bor edi. Jefferson armiya sonini qisqartirib 3 ming kishiga tushirgan edi va 1809 yildan keyin, ya’ni taxt vorisi Jeyms Medison (1809-1817) davrida armiyaning soni 10 ming kishiga yetgan edi.
AQShning harbiy jihatdan zaif ekanligi kuruklikda olib borilgan urush harakatlarining boshidayok ochiq, ma’lum bo‘lib koldi. Angliya mustamlakachilik kudratining Shimoliy Amerikadagi tayanchi bo‘lgan Kanada asosiy urush maydonlaridan biriga aylandi. U yerda Amerika bir necha bor mag‘lubiyatga uchradi. Medison hukumati Kanadaning bosib olinishiga qarshi edi va hujum operatsiyalari olib borishga to‘sqinlik qilib kelayottan qo‘mondonlikka juda liberallik bilan qaradi.
1814 yilning avgustda inglizlar AQShning poytaxti Vashingtonga yorib o‘tdilar va uning eng yaxshi binolariga (Kapitoliy, Oq uy va boshqalarga) o‘t ko‘ydilar. Inglizlar hammayoqni vayron qilib, tinch aholini talab, keyin Baltimor va Nyu-Yorkka qarab yo‘l oldilar.
Hokim sinflar orasidagi kelishmovchilikka va «qo‘mondonlikning harakatsizligiga qarama-qarshi o‘laroq, xalq bir yoqadan bosh chiqarib, vatanparvarlik namunalarini namoyish qildi va lashkar tuzib, dushmanga qarshilik ko‘rsatdi. Baltimorning muvaffaqiyatli mudofaa qilinishi sharafiga AQShning milliy gimni yaratildi.
Dengizdagi urush amerikaliklar uchun ancha muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ular Angliya flotiga katta shikast yetkazdilar. Amerikaliklar dengizdagi urushni asosan kemalar yordamida olib borib, inglizlarning 1300 dan ortiq kemasini bosib oldilar.
Angliya tashabbusi bilan 1814 yilning avgustida sulh muzokaralari boshlandi. Inglizlarning AQShda Missisipi daryosi vodiysini ajratib olish to‘g‘risidagi taklifni muhokama qilishga amerikaliklar ko‘nmaganidan keyin inglizlar g‘alaba qozonishga ko‘zi yetmay, 1812 yildan ilgarigi holatni saqlab kolinishiga rozilik bildirdi, 1814yilning 24 dekabrida Gent shahrida AQSh bilan Angliya o‘rtasida sulh shartnomasi imzolandi.
XIX asrning birinchi yarmida AQShning iqtisodiy taraqqiyoti murakkab va ziddiyatli jarayondan iborat edi. Mamlakatning janubida, ya’ni subtropik ekinlar yetishtiriladigan viloyatlarida ayniqsa paxtachilik shtatlarida negrlarni qul qilib ishlatishga asoslangan plantatsiya xo‘jaligi rivojlanib bordi.
Shimolda kapitalistik taraqqiyot jiddiy to‘siqlarga uchramay, tez sur’atlar bilan o‘sib bordi. Pensilvaniya va Nyu-York shtatlarida xunarmandchilik va manufaktura o‘rnini yirik kapitalistik ishlab chikarish ola boshladi. Shu 10 yilliklar davomida g‘arbda hindu qabilalaridan zo‘rlik bilan tortib olingan, qo‘l tegizilmagan bepoyon yerlarda yuz minglab mustaqil mayda fermer xo‘jaliklari bunyod etildi. Xususan XIX asrning 40-50 yillarida shimoliy-sharqning tez industriyalashib borishiga qaramay, mamlakat umuman agrar mamlakat edi. Amerikaning chetga chiqaradigan butun maxsulotlari orasida xom-ashyo, asosan paxta muhim o‘rin tutar edi. Chetdan keltiriladigan sanoat mahsulotlari xorijga chiqariladigan sanoat maxsulotlariga qaraganda ancha ko‘p edi. AQSh Yevropadagi ilg‘or mamlakatlar va ayniqsa Angliya uchun xom-ashyo olib ketiladigan sanoat mollari sotiladigan bozor bo‘lib xizmat qilar edi.
XIX asrning birinchi yarimida AQSh tarixiy taraqqiyotining xarakterli xususiyati shu ediki, bu mamlakatda kapitalizmning tez rivojlanib borganligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Bu esa AQSh hukmron sinflarining yangi territoriyalarini bosib olish siyosati bilan mahkam bog‘langan edi.
1812-1815 yillardagi urushdan keyin hindu qabilalarini Missisipi daryosining g‘arb tomonidagi yomon va chekka yerlarga, hindular uchun ajratilgan rezervatsiyalarga majburan ko‘chirish boshlandi.
Ba’zi qabilalar o‘z ozodliklarini yo‘qotmaslik uchun kurashni davom ettirdilar. Floridada hindu qabilalaridan Kriklar va Seminollarga qarshi olib borilgan urush, 1817-1818 yillarda shu qabilalarning mag‘lubiyati bilan tugadi. Ammo Seminollar qarshilik ko‘rsataverdilar va 1835 yildan 1842 yilga qadar sakkiz yil davom etgan ikkinchi katta urushdan keyingina o‘zlariga ajratiladigan rezervatsiyalarga ketishga rozi bo‘ldilar.
AQSh ga birinchi paravoz 1828 yilda Angliyadan keltirilgan edi, lekin ko‘p o‘tmay AQSh temir yo‘l qurilish sur’ati jihatidan boshqa hamma mamlakatlardan o‘zib ketdi. 1830 yilda AQSh da 23 milya temir yo‘l bor edi. 1850 yilda esa 9 ming milyaga yetdi, biroq relslar ko‘p vaqtgacha hamon Angliyadan keltirilib turildi.
AQShda 1837-1842 yillarda bo‘lib o‘tgan birinchi krizisdan so‘ng sanoat juda ham yuksalib ketdi. Meksikadan yaqinginada tortib olingan Kaliforniyada oltin konlarni topilganligi AQShning industriyalashuviga yordam berdi. Shunga qadar AQSh moliyaviy jihatdan Angliya kreditlariga butunlay qaram bo‘lib qolayotgan edi.
Paxtaga talab juda katta bo‘lganligi sababli eski yerlarni o‘g‘itlashdan ko‘ra, yangi yerlarni o‘zlashtirish paxta plantatorlari uchun juda qulay edi. Shu sababli ular janubiy-g‘arbdagi yangi rayonlarga siljib boraverdilar. Qullarning soni 1820 yilda 1 million 538 ming bo‘lgan bo‘lsa, 1850 yilda 3 million 200 mingga yetdi. Shu davr ichida qulning baxosi 400 dollardan 200 ming dollargacha ko‘tarildi.
1808 yilda kongress AQSh ga qullar keltirilishini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilganidan so‘ng Virginiya na Merilend quldorlari yangi shtatlarga qullar va ularning bolalarini olib borib sotish bilan shug‘ullana boshladilar. Bu esa juda serdaromad ish edi. Plantator quldorlar juda katta moddiy boylikka ega bo‘lib, ular boylik orttirish ketidan kuvib, qulchilik “xayrli ish va xudoning irodasidir», deb ochiqdan-ochiq davo qilardilar.
1812-1815 yillardagi urushdan keyin federalistlar partiyasi inqirozga yuz tutgan edi. Shu sababdan respublikachilar 1816-1819 yil-larda unchalik oppozitsiyaga duch kelmay, prezidentlik lavozimiga o‘z nomzodi Jeyms Monroni o‘tkazdi. Ko‘p o‘tmay respublikachilar partiyasi ichidan tug‘ilib kelayotgan sanoat burjuaziyasining manfaatlarini ko‘zlagan guruh ajralib chiqdi. Bu guruh o‘zini «milliy respublikachilar» — deb atay boshladi. 1812 yilgi saylovlarda yangi Angliya yirik burjuaziyasining manfaatlarini ifodalagan va milliy respublikachilarga yaqin turgan Jon Kvinsi Adams prezident qilib saylandi. Adams hukumati to‘rt yil ichida tosh yo‘llar va kanallar qurish bilan shug‘ullangan korporatsiyalarga subsidiyalar berish uchun katta mablag‘ sarfladi.
1828 yilgi saylovda Jekson qat’iy g‘alaba qozondi. Plantatorlar Jeksonning prezidentlikka saylanishini qulchilikning saqlanib qolishini ta’minlaydigan vosita deb bildilar. Bularning hammasi Jekson bizni shimoliy sharqning bankirlariga qarzdorlik asoratiga tushib qolishdan himoya qiladi, deb kutgan edilar. Jekson tarafdorlari milliy respublikachilardan farq qilish uchun o‘zlarini «demokratik respublikachilar» yoki demokratlar deb atay boshladilar.
Shu tariqa 1828 yilda demokratlar partiyasiga asos solindi. O‘sha vaqtda partiya yirik kapitalning siyosatiga qarshilik ko‘rsatishdan iborat umumiy vazifa tevaragida birlashgan plantatorlar quldorlar, fermerlar, mayda burjuaziya va qisman ishchilarning siyosiy blokiga boshchilik qildi. U o‘zini «oddiy kishilar»ning do‘sti va ularni «puldor aristokratiya» dan himoya qiluvchi deb ko‘rsatdi. Fermerlarning keng doiralari va hatto ishchilarning bir qismi orasida obru-e’tibor qozondi. 20- yillarning boshlarida bir qancha shtatlarda saylov huquqining kengaytirilishi, Jeksonning g‘alaba qozonishiga yordam beradi. Shu bilan bir vaqtda sharqda saylov sistemasini demokratlashtirish uchun fermerlar, shahar mayda burjuaziyasi Nyu-Yorkda, Virginiyada va boshqa shtatlarda erkaklar uchun saylov huquqi kengaytirildi. Saylovchilarning yangi tabaqalarini o‘z ta’siriga olish uchun shimol burjuaziyasi bilan janub plantatorlari o‘rtasida kurash bordi.
1828 yilda Filadelfiyada Tomas Skidman rahbarligida ishchilar partiyasi tuzildi. Bir yildan keyin esa Nyu-Yorkda ham ishchilar partiyasi paydo bo‘ldi, 30-yillarning boshlarida Merilenddan shimolroqdagi hamma shtatlarda ishchi partiyalar tarkib topdi. Bu partiyalarning xarakterli xususiyati shundan iboratki, ular o‘zining tarkibi jihatidan sof proletar partiyalari emas edi. Balki mayda savdogarlar, hunarmandlar hamda fermerlardan tarkib topgan partiyalar edi.
Sanoatda kapitalistik munosabatlar rivojlanib va fermerlik qishloq xo‘jaligida tarkib topib borgan sari qulchilikni tugatish vazifasi tobora qat’iy tus ola bordi. 1833 yilda Garrison raisligida quldorlikka qarshi Amerika jamiyati tuzildi. 1840 yilda bu jamiyatning 2000 ga yaqin bo‘limi va 200 ming a’zosi bor edi. 1831 yilda Virginiyada negr targ‘ibotchisi Nat Terner rahbarligida qulchilikka qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi.
1831 yil 21 avgustda diniy miting vaqtida Nat Terner negrlarni quldorlarga qarshi shafqatsiz kurash boshlashga chaqirdi va eng avval o‘zi o‘z xo‘jayinini o‘ldirib, ibrat ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay 24 avgustda politsiya va federatsiya qo‘shinlari kuchi bilan bu qo‘zg‘olon shafqatsiz suratda bostirildi. Terner boshlik yigirmata qo‘zg‘alonchi dorga osildi
1823 yilning dekabrida AQSh hukumati tashki siyosatga doir deklaratsiyani ishlab chiqdi. Bu deklaratsiya o‘sha vaqtdagi prezident Monro nomi bilan «Monro doktrinasi» deb atalgan edi.
«Monro doktrinasi»ning maqsadi g‘arbiy yarim sharda AQShning e’tiborli mavkeini mustahkamlashdan iborat bo‘lib, Ispaniya reaksiyasi va muqaddas ittifoqning Lotin Amerikasi mamlakatlari ustidan Ispaniya hukmronligini tiklashga qarshi qaratilgan edi. «Monro doktrinasi» AQSh nint g‘arbiy yarim sharda o‘zining zo‘ravonligini ta’minlash uchun imkon berar edi. Keyinchalik «Monro doktrinasi» dan o‘sha vaqtda hukmronlik qilgan quldor guruhlar 1844-1848 yillarda Meksikaga qarshi olib borilgan talonchilik, bosqinlik urushini oqlash maqsadida foydalandilar. Meksika tarkibiga kirgan Texas shtati masalasida chiqqan janjal shu urushning sabablaridan biri bo‘ldi.
1844 yilgi saylovlarda «demokrat» quldorlar va ularning tarafdori Jeyms Polk qulchilik territoriyalarini anneksiya qilishga qarshilik ko‘rsatgan respublikachilarning nomzodi ustidan g‘alaba qozondi.
1847 yil fevralda AQSh hukumati Kaliforniyani anneksiya qilganligini e’lon qildi. 1847 yil martida AQSh qo‘shinlari Verakruzga kelib tushdi. 1847 yil 14 sentabrda ular Meksika armiyasini tor-mor keltirib, Meksika poytaxti Mexiko shahriga kirdilar.
Meksika territoriyalarining bosib olinishi natijasida qulchilik yangi territoriyalarga yoyilishi uchun imkoniyat vujudga keldi. Bu masala 40-yillarning oxirida siyosiy hayotda markaziy o‘rin tutdi va siyosiy partiyaning qaytadan guruhlarga bo‘linishiga asos soldi.
1846 yilda Pensilvaniyalik demokrat David Vilmot Meksikadan AQShga qo‘shib olinadigan territoriyalarning hammasida qulchilikni taqiqlash to‘g‘risidagi Konstitutsiyaga tuzatish kiritishni taklif qildi. Vilmot taklifi vakillar palatasidan o‘tgan bo‘lsada ammo senat uni rad etdi.
Ammo shunga qaramay AQShda demokratik o‘zgarishlar kiyinchilik bilan bo‘lsada amalga oshib bordiki, bu keyingi, siyosiy jarayonlarga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.