XVIII asr oxiri XIX asr birinchi yarmida Angliya

  1. XVIII asr oxiri XIX asr birinchi yarmida Angliya iktisodiyotidagi muhim o‘zgarishlar.

2.Angliyaning Fransiya bilan olib borgan kurashlari.

Z.XVIII asr oxiri XIX asr birinchi yarmida Angliyadagi qo‘zg‘olonlar.

4.XVIII asr oxiri XIX asr birinchi yarmida Angliyaning mustamlakachilik  siyosati.

  1. Irlandiyaningmustaqillik uchun
  2. Chartistlar harakati.

 

Fransuz burjua inqilobi oldidan Angliya Fransiyadan shu bilan farq qilar ediki, u ilg‘or sanoat ya’ni fabrika, korxonalariga, katta savdo va harbiy dengiz flotiga ega edi. 1789 yilga kelib Angliyaga  paxta olib kirish XVIII  asr o‘rtalaridagi miqdorga nisbatan 10 barobar oshdi. Angliyadan tashqariga gazlama chiqarish 12 yil ichida, ya’ni 1780 yildan 1792 yilgacha qariyib olti barobar o‘sdi. Metall buyumlar ishlab chiqarish 1788 yilda 68000 tonna bo‘lgan bo‘lsa 1806 yilga kelib 250000 tonnaga yetib, keyingi yillarda tez o‘sa bordi. Ip yigirish korxonalarining mexanizatsiyalashtirilishi sanoatda boshqa tarmoqlarning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatdi. Yengil sanoat uchun energiyaning yangi   qudratli manbaiga ehtiyoj tug‘ulishi bug‘ mashinasining takomillashishiga sabab bo‘ldi. 1781 yilda Jeyms Uatt o‘zining takomillashtirilgan bug‘ mashinasiga patent oldi. Ko‘mir va temir rudasi konlarining ko‘pligi mamlakatning markaziy hududlarida va boshqa rayonlarida og‘ir sanoatning tez o‘sishi uchun qulay sharoit tug‘ildi.

Shu bilan bir vaqtda sanoat o‘zgarishi chuqur ijtimoiy o‘zgarishlarga olib keldi. Mashina ishlab chiqarishning o‘sishi hunarmandlarning xonavayron bo‘lishini va halokatini tezlashtirdi. Sanoat inqilobi, agrar inqilob, dehqonlarning qishloqlardan haydalishi bilan qo‘shilib, mehnat armiyasi rezervining vujudga kelishga yordam berdi. Ommaviy ishsizlik yangi hodisa bo‘lib qoldi. Jamiyatning asosiy antaganistik sinflarga burjuaziya bilan proletariatga bo‘linishini tobora aniq va ravshan ko‘rsatdi.

Xalq ommasida odam bolasi chiday olmaydigan og‘ir mehnat va yomon sharoitlariga qarshi g‘azab tug‘ila boshladi. Fransiyada inqilob g‘alaba qilganligi haqidagi dastlabki xabarlar kelgan paytda Angliyada sinfiy nizolar oshib-toshib yotgan, og‘ir vaziyat vujudga kelgan edi.

Fransiyada inqilob bo‘lganligi xabari Angliyada kuvonch bilan kutib olindi. Xalq ommasi bu inqilobni zulm, huquqsizlik va adolatsizlik ustidan qozonilgan g‘alaba deb bilar edi. Bastiliyaning shturm qilinishi va vayron etilishi inglizlar, shotlandlar, irlandlarni juda xursand qildi. Inqilob sharafiga Angliyaning hamma joyida ommaviy yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazildi. Fransuzlarning urf odatini qilib «Erkinlik daraxti o‘tkazish» marosimlari o‘tkazildi. Bu tantanada Angliyaning ilg‘or kishilari qatnashdilar. Shoirlar inqilobga atab madhiya va qasidalar aytdilar. Shotlandiya shoiri Robert Berne butun dunyoda erkinlik ko‘lga kiritilishiga umid bildirib, she’rlar yozdi.

Fransuz inqilobi boshlanganidan keyin birinchi yillarda ingliz burjua radikallari o‘z faoliyatini faollashtirib yubordi. Bosh ministr kichik Pitt bu kayfiyatlarni e’tiborga olib, ayrim progressiv reformalar o‘tkarishni, ya’ni saylov huquqini kengaytirishni, qulfurushlikni bekor qilishni talab qilib chiqdi. 1792 yilning yanvarida Londonda «Xat va xabar» deb nomlangan etikdo‘z Tomas Gardi rahbarlik qilgan tashkilotning tuzilishi katta siyosiy voqea bo‘ldi. U jamiyat, mamlakat siyosiy hayotida keng xalq ommasini qatnashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Bunday tashkilotlar tez orada fabrikalar joylashgan yirik shaharlarda jumladan; Manchestr, Shefild, Lida, Derbi, Glazgo va Gerfort, Bost, Tyuksberi va boshqa joylarda vujudga kelgan edi.

«Xat-xabar» jamiyatlari qizg‘in siyosiy munozaralar maydoni bo‘ldi. Bu munozaralarda qatnashish xalq, ommasini faol siyosiy hayotga tortdi. Vaqt o‘tishi bilan jamiyatlar tarkibi ham tobora kengaydi. 1794 yilning iyunida birgina London jamiyatida qatnashuvchilarning soni 20 ming kishiga yetdi.

«Xat-xabar» jamiyati a’zolarining siyosiy ideallari burjua demokratik dastur doirasidagi ideallar edi. London jamiyatining 1793 yilda tasdiqlangan dasturi bo‘yicha fuqarolarning qonun oldida teng bo‘lishi, mulk, so‘z va diniy e’tiqod erkinligi kabi maqsadlar ko‘rsatilgan edi.

Shotlandiyada, ayniqsa sanoat shaharlari va tumanlari bo‘lgan Glazgo, Peysli va boshqalarda demokratik harakat keng yoyildi. 1793 yilning noyabrida Edinburgda xalq delegatlarining ingliz konventi to‘planib, bunda ingliz «xat-xabar» jamiyatlarining vakillari qatnashdi. Konvent umumiy saylov huquqi va xar yili yig‘ilib turadigan parlament joriy qilishni o‘z faoliyatining maqsadi deb e’lon qildi va xalqni «Konstitutsion prinsiplariga zid keladigan parlament qonunlariga qarshilik ko‘rsatishga» chaqirdi. Natijada hukumat konventni tarqatib yubordi. Ko‘p odamlarni qamoqqa oldi.

1793 yilning fevralida Fransiyaga qarshi boshlangan urush ingliz  hukmron  sinflarining manfaatlarini  ko‘zda tutib boshlangan edi. Ingliz  hukmron doiralari Yevropadagi inqilobiy o‘choqlarni yo‘qotishga va ayni zamonda  Fransiya davlatini kuchsizlantirishga, uning ta’sirini yo‘k qilishga, mollarini chiqarib tashlashga va bir yo‘la uning mustamlakalarini qo‘lga kiritib olishga intilar edilar. 1804 yilda yana hukumat boshlig‘i bo‘lgan kichik Pitt Fransiyaga qarshi urushni juda katta g‘ayrat bilan olib bordi. Pitt o‘lganidan keyin ham Angliya Fransiyaga nisbatan tutilgan o‘sha siyosatni davom ettirdi. Ingliz hukumati Fransiya ustidan g‘alaba qilish uchun asosiy vosita, Yevropa  davlatlarining Fransiyaga qarshi koalitsiyasini tuzishdan iborat deb bildi.

Urushning dastlabki kunlaridan boshlab ingliz floti Fransuz savdosiga xalaqit qilish uchun kurash olib bordi. 1793 yil 8 iyunda ingliz kemalari Fransuz portlariga ketayotgan hamma kemalarni, xalqaro huquqqa rioya qilmay, bosib ola boshladi. Inglizlar Fransiyani va istilo qilingan mamlakatlarni qamal qilib, fransuz savdosini yo‘q qilishga urindilar. Inglizlar 1797 yilda Ispaniyaning harbiy flotini, keyin esa Kemperdaun burnida Gollandiyaning harbiy flotini tor-mor keltirdilar. Bu ikkala mamlakat Fransiya bilan ittifoqda edi. Angliya bilan Fransiyaning savdo uchun olib borgan urushi Amen sulhi buzilganidan keyin keskinlashib ketdi va Napoleon 1804 yilning martida Angliya bilan har qanday savdo olib borishni man qildi.

Angliya hukumati 1807 yilning 11 va 26 noyabrida buyruq chiqarib, bunga asosan Yevropa bilan savdo qilishga ijozat olish uchun barcha mamlakatlarning kemalarini Angliya portlariga kirishga majbur qildi.

Angliya   dengiz   flotiga tayanib, birinchi navbatda, Fransiya mustamlakalarini bosib olishga urindi. Inglizlar 1793 yilning aprelida fransuzlarga qarashli Tabogo orolini, sentabrda esa fransuzlarning Vest- Indiyadagi San-Damingo boy mustamlakasini bosib oldilar: 1794 yilning martida Fransiyaning g‘arbiy yarim sharidagi qolgan   mustamlaka o‘lkalari- Martinika, Sent-Lyusiya, Gvadelupa orollari inglizlar    qo‘liga o‘tdi. 1793 yilning yozidayoq Angliya Fransiyaning Hindistondagi oxirgi territorial o‘lkalarini Chapnernagor, Yanaon, Karikal, Mae va fransuzlarning Hindistondagi eng muhim o‘lkasi hisoblangan Pandisherint ham bosib oldi. Inglizlar janubiy Hindistondagi o‘z mustaqilligini bir qadar saqlab qolgan so‘nggi yirik davlat Maysuraga qarshi 1799 yilning 2 mayida Maysuraning poytaxti Seringapatamni shturm bilan oldilar. Undan keyingi yillarda inglizlar Hindistonning bir qancha knyazliklarini (Karnatik, Tanjur) bosib oldilar, Angliya Xindistonning katta bir qismiga xo‘jayin bo‘lib oldi. Inglizlar  fransuz mustamlakalari bilan qanoatlanmay boshqa davlatlarning mustamlakalarini ham bosib olishga kirishdilar. Bu yillarda Angliyaning mustamlakalar bosib olishdan ko‘zlangan birinchi maqsadi: ingliz  mollarini sotish,  yangi bozorlar va ingliz fabrikalari uchun xom ashyo topish edi.

Ingliz burjuaziyasining keng doiralariga Hindistonni talash uchun yo‘l ochib berish maqsadida, 1813 yilda Ost-Indiya kompaniyasi savdo monopoliyasini bekor qildi. Angliya hukumati ingliz burjuaziyasining xuddi shu doiralari manfaatini nazarda tutib, 1788 yilda Avstraliya kit’asini ingliz territoriyasi deb e’lon qildi. Angliyada ishlab chiqarilgan arzon mollar hamma joyda sotiladigan bo‘ldi. Fransuz raqobatining yo‘q qilinishi ingliz tovarlarining yanada chakqon sotilishiga yo‘l ochib berdi. 1773 yilga kelib Angliyaning chetga mol chiqarishi o‘rtacha hisobda yiliga 41 million funt sterlingga yetdi. Urush Angliyaning mulkdor sinflariga judda katta foyda keltirdi. Burjuaziya urushga va armiyaga qurol-yaroq yetkazib berishdan, ittifoqchi davlatlarning harbiy buyurtmalaridan bozorlarda fransuz raqobatining zaiflashganidan katta foyda olmoqda edilar

Lendlordlar ham urushdan katta foyda oldilar. Yevropadan g‘alla va boshqa maxsulotlar keltirilishining kamayishi natijasida g‘allaning narxi oshib ketdi.

Shu yillarda Angliyada ekin maydoni ancha kengaydi. Lendlordlar yerni ko‘paytirish payiga tushib, dehqonlarni yerlaridan zo‘r berib hayday boshladilar.

Urushning hamma og‘irligi mehnatkash ishchilar, dehqonlar, mayda xunarmandlar zimmasiga tushdi. Pitt joriy qilgan daromad solig‘i davlat daromadlarining oz qismini tashkil qilib, urush xarajatlarini mablag‘ bilan ta’minlashning asosiy vositasi ko‘pchilik iste’mol kiladigan buyumlarga solinadigan egri soliqlar edi. Hukumat daromad manbalarini ko‘paytirish maqsadida soliq solinadigan narsalar doirasini to‘xtovsiz kengaytira bordi.

Angliyaning iqtisodiy ravnaq topishiga qaramay urush yillarida mamlakatdagi mehnatkashlarning ahvoli to‘xtovsiz yomonlasha bordi Bunga pulning qadrsizlanishi va iste’mol buyumlar narxining oshishi sabab bo‘ldi. Natijada real ish haqki kamayib, urushning dastlabki yilarida, ya’ni 1792 yildan 1800 yilgacha to‘quvchi ishchilarning ish haqi 64%, 1805 yildan 1812 yilgacha o‘tgan davrda esa yana ikki barobar kamaydi.

Xalq ommasi harakatlarining bevosita ta’siri ostida 1797 yilda ingliz floti dengizchilarining juda katta qo‘zg‘oloni bo‘lib, 6u qo‘zg‘olonga La-Mansh eskadrasi va shimol eskadrasi kemalaridan anchaginasi qatnashdi. Matroslar sharoitning og‘irligi, huquqsizlik va ovqatning yomonligidan norozilik bildirdilar. Spitxed portida to‘plangan La-Mansh eskadrasi 1797 yilning 17 aprelida qo‘zg‘olon ko‘tardi. Hukumat qo‘zg‘olonning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, ba’zi bir talablarni qondirishga majbur bo‘ldi. May oyining o‘rtalarida esa shimol eskadrasining qo‘zg‘oloni boshlandi, lekin tezda ular taslim bo‘lishga majbur bo‘ldilar. Shundan keyin qo‘zg‘olonchilarni shafqatsizlik bilan jazolash boshlandi.

Fransiyaga qarshi olib borilgan urush yillarida Angliyada avj olgan xalq qo‘zg‘olonlari tarqoq holda bo‘lganligidan, hukumat ularni osonlik bilan bostirdi. Garchi dehqonlarning harakatlari ba’zi hollarda ommaviy tusda bo‘lgan va kattagina territoriyalarga yoyilgan bo‘lsa ham, ularning kurashi tarqoq holda bordi va tezda bostirildi.

Angliyaning Amerikadagi qo‘zg‘olon ko‘targan mustamlakalariga qarshi olib borgan urush davridagi qiyinchiliklaridan foydalangan Irlandiya burjuaziyasi Angliyaning ba’zi jihatdan yon berishiga majbur qildi.

Natijada Irlandiya parlamenti qisman mustaqillik oldi va sanoat uchun belgilangan cheklashlar yumshatildi.

1791 yilda tuzilgan «Birlashgan irlandlar jamiyati» Irlandiyaning mustaqil bo‘lishiga erishish va mustaqil respublika deb e’lon qilishni tez oldiga maqsad qilib, kurashni kuchaytirdi. Bu jamiyatga burjuaziyaning, asosan mayda burjuaziyaning ilg‘or vakillari  dehqonlar, ziyolilar kirgan edi. Bu jamiyatga aravasozning o‘g‘li publitsist, advokat UolfTon boshchilik qildi. U Danton bilan Tomas Peynning yordamchisi edi. Irlandiyaning mustaqillik yo‘lidagi urinishlari Angliya hukumatiga yoqmadi va favqulodda choralar ko‘rib bordi.

«Birlashgan irlandlar jamiyati» faoliyati taqiqlandi. Natijada Irlandiya inqilobchilari Fransiya bilan bog‘lanib, 1798 yilda qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Ularga yordam berish uchun Fransiyadan bir nechta otryad yetib keldi. Bu otryadlardan biriga Ton qo‘mondonlik qildi. Birok qo‘zg‘olonchilar keng dehqonlar ommasini qo‘zg‘olonga torta bilmadilar. Garchi Fransiya aralashgan bo‘lsada, inglizlar bu qo‘zg‘olonni bostirdilar. Shundan so‘ng shafqatsiz jazolashlar va qatl etishlar boshlandi. Asir qilib olingan Uolf Ton o‘zini o‘zi o‘ldirdi. Angliya hukumati qattiq jazo choralari qo‘llash bilan kanoatlanmay, Irlandiyadagi parlamentni yo‘qotishga qaror qildi. Inglizlar Irlandiya parlamentining deputatlarini pora berib, o‘zlariga og‘dirib oldilar va Angliya uniyasi uchun ovoz berishga erishdilar. Natijada 1890 yildan e’tiboran, Irlandiya Angliya qirolligining bir qismi bo‘lib koldi-yu, Angliya hukumatining bu ishi Irlandiyada Robert Emmet rahbarligida 1802 yilda yangi qo‘zg‘olon ko‘tarilishini tezlashtirdi. Bu yangi qo‘zg‘olonning tor doiradagi fitnadan iborat bo‘lishi uning muvaffaqiyatsiz chiqishiga olib keldi. Emmet qo‘lga tushirilib, qatl etildi.

1815 yildan keyin Angliya sanoat taraqqiyoti yanada tezlashdi. 1830 yildan e’tiboran og‘ir sanoat tez o‘sa boshladi, mashinalar joriy qilish kuchaydi. 30-yillarning boshlarida ip-gazlama ishlab chiqarishda ham qo‘l mehnatidan foydalanilar edi. Qo‘l mehnati bilan ishlatiladigan 240000 tikuv stanogidan faqat 60 mingi mexanik stanok edi holos.

XIX asrning o‘rtalariga kelib, qo‘l mehnatiga asoslangan ishlab chiqarish tugab mashina va fabrika ishlab chiqarishi joriy etildi.

Sanoatning texnik jihatdan qayta qurollanishi metallga bo‘lgan extiyojni oshirdi. Metall ishlash va mashinasozlik katta muvaffaqiyat qozondi. Maxsus stanoklar: tokarlik, randalash, frezerlik stanoklari qabilar paydo bo‘ldi. Bu narsa mashinalarning detallarini juda puxta va tez ishlashini ta’minlashga imkon berdi.

XIX asrning birinchi yarmida Angliyaning iqtisodiy taraqqiyotida temir yo‘llar muxim rol o‘ynadi. Savdo-sotiq ahamiyatiga ega bo‘lgan va passajirlar tashish uchun mo‘ljallangan birinchi temir yo‘l 1830 yilda Liverpul bilan Manchester o‘rtasida qurilgan bo‘lib, 1850 yilga kelib Angliyadagi temir yo‘l tarmog‘ining uzunligi 10 ming kmga yetdi. Temir yo‘l ichki bozorning rivojlanishiga, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlanishiga yordam berdi.

1811 yildan 1854 yilgacha qo‘shma qirollik aholisi 1 million 865 ming kishidan 2,760 ming kishiga yetdi. Shuni ham e’tiborga olish kerakki, bu yillarda 2 millionga yaqin kishi Angliyani tashlab, chet ellarga ketib qoldi. 1831 yildayoq Angliyada ishga yaroqli butun aholining kamida uchdan bir qismi qishloq xo‘jaligida ishlar edi. 1851 yilda Angliyada butun mamlakat aholisining 34% shaharlarda yashar edi. Shaharlarning xar birida 20 mingdan ortiq kishi yashayotganligidan dalolat edi. Shimoliy va shimoliy g‘arbiy grafliklarda sanoat shaharlari va ushbu sanoat shaharlarida asosan to‘qimachilik fabrikalari vujudga keldi. Angliyaning qoq o‘rtasida metallurgiya ishlab chiqarish tumani bunyod bo‘ldi. Janubiy o‘lkalarda metall quyish Shotlandiyada kemasozlik rivojlandi.

1819 yilda Angliyaning hamma joyida ko‘p kishilik miting va namoyishlar bo‘lib, bu miting va namoyishlarda siyosiy reforma o‘tkazish talab qilindi. 1819 yilning 16-avgustida Manchesterning Piterfild maydonidagi ommaviy miting vaqtida qurolli hokimiyat qo‘shinlari xalq ommasiga hujum qilib, aholini vaxshiylarcha kaltaklay boshladi. 15 kishi o‘ldirildi; 400 dan ko‘proq odam yaralandi. Bu hujumda Vaterloo bo‘sag‘asida jang qilgan ingliz qismlari qatnashdi. Xalq 16 avgust voqeasini: «Piterloo yonidagi jang» deb atadilar.

«Piterloo yonidagi jang» xalq ommasida katta nafrat uyg‘otdi. Biroq, ma’murlarning hatti-harakati bilan ommaviy mitinglar va matbuotga qarshi maxsus qonunlar qabul qilindi. Bu qonunlar “urush uchun chiqarilgan olti qonun» deb ataldi. Bu qonunlar fukarolarning ommaviy mitinglarga qatnashish huquqlarini cheklab qo‘ydi, qurol-yaroq taqib yurish man qilindi.

Ishchilar orasida sotsialistik g‘oyalarni propaganda qilishda va ingliz ishchilari sinfining harakatida Robert Ouen (1771-1858) katta rol o‘ynaydi. Ouen faoliyatini o‘z fabrikasidan boshlab, ishchilarning mehnatini yengillashtiradigan ba’zi choralarni amalga oshirdi ya’ni, ish soatini qisqartirib 10,5 soatga tushirdi, ko‘pdan-ko‘p jarimalarni bekor qildi, mukofotlar berish tizimini keng qo‘lladi. Ouen bolalar mehnatini man etishni talab qilib, keng targ‘ibot olib bordi.

Katta yer egalarini yon berishga majbur qilish uchun sanoat burjuaziyasi parlamentni reforma qilishga karatilgan ommaviy xalq harakatini qo‘llab-quvvatlay boshladi.

Harakatning dastlabki bosqichida bu harakatga burjua radikallar ham ko‘shildilar. Ular ishchilar harakatidan o‘z maqsadlari uchun foydalanishga intildilar. 1836 yilda xunarmand U. Lovett rahbarligi ostida tuzilgan «London ishchilar jamiyati» siyosiy harakatning tashkiliy markazi bo‘ldi: 1838 yilning may oyida matbuotda e’lon qilingan xalq xartiyasida olti punktdan iborat dastur, ya’ni yalpi huquqiy erkinliklar berish (yoshi 21 dan oshgan erkaklarga), teng saylov okruglari tuzish, yashirin ovoz berish, deputatlikka nomzodi ko‘rsatilgan kishilar uchun xar qanday senzni bekor qilish, deputatlarga maosh belgilash va parlamentni xar yili qaytadan saylash dasturi ilgari surildi. Bu albatta demokratik islohotlar dasturi edi.

1838        yilning oktabrida Manchestrda to‘qimachilik fabrikasining egasi Richard Kobden tashabbusi bilan g‘alla bojlariga qarshi kurash uyushmasi tuzildi. Bu ittifoq burjuaziya bergan katta mablag‘ yordami bilan erkin savdoni zo‘r berib og‘zaki va matbuot orqali propoganda qila boshladi. Shu bilan birga chartistlar burjuazyaning g‘arazli maqsadlarini payqab, uni fosh qila boshladilar.

1839        yilning 4 fevralida Londonda chartistlarning birinchi s’ezdi ochildi, bu s’ezd Buyuk Britaniya sanotida ishlovchi ishchilarning umumiy konventi deb ataldi. Bu s’ezdda Angliyaning hamma joyidagi ommaviy mitinglarda saylangan 53 delegat qatnashdi. Chartistlar konventi harakatning rahbarlik markaziga aylanishi kerak edi. Biroq rahbarlar orasida eng muhim masalalar ustida jiddiy ixtiloflar chiqdi.

Chartistlar orasidagi ikkilanish va ixtiloflar ingliz proletariatining g‘oyaviy jihatdan yetilmaganligini ko‘rsatar edi. Chartistlar harakatining ko‘zga ko‘ringan arbobi jurnalist Bronterr O Brayen bu harakat g‘oyasiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Chartistlar konventi 12 avgustda butun mamlakatda juda katta yalpi «muqaddas oylik» o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul  qildi. Birok hukumat bu qarorni tez orada bekor qildi

40-yillarning boshlarida chartistlar harakati yangi boskichga ko‘tarildi. 1840 yilning boshida Manchesterda bo‘lib o‘tgan konferensiyasida chartistlarning milliy uyushmasi ya’ni ishchilar sinfi partiyasining ko‘rtagi barpo qilindi.

1842 yilning 2 mayida chartistlarning talablarini o‘z ichiga olgan ikkinchi petitsiya parlamentga kiritildi. Bu petitsiyaga 3315752 kishi imzo chekkan edi. Bu petitsiyada «Angliyadagi mavjud siyosiy despotizm va ikkinchi tomondan «tahkirlovchi qullik tuzumi» ekanligi ko‘rsatilib, xalq, ommasining og‘ir axvolda kun kechirayotganligini ma’lum qildi. Ammo Angliya o‘zining mustamlakachilik siyosatini bir daqiqa ham susaytirmasdan, inglizlar o‘zlari bosib olgan territoriyalarga tayanib turib, 1815 yildan keyin Hindistonni istilo qilishni davom ettirdi. Ikki yil davom etgan urushdan keyin, 1816 yilda inglizlr tog‘ knyazligi Nepalni bosib oldi. Bir qancha urushlar olib borib, bir necha hind knyazliklarini tor-mor keltirdi.

Xullas, XIX asr o‘rtalarida Angiya eng katta mustamlakachi davlatga aylandi: 1850 yilda uning Hindistondagi va boshqa mustamlakalarining territoriyasi 11700 ming kvadrat km bo‘lib, bu mustamlakalardagi aholi 160 million kishidan oshib ketdi.