XVII asr ikkinchi yarmi XVIII asrdagi xalqaro munosabatlar

  1. 30 yillik urushdan so‘ng xalqaro maydondagi siyosiy voqealar.
  2. Shimoliy urush tamom bo‘lishidan buyuk Fransiya burjua inqilobi boshlanguncha o‘tgan davr ichidagi xalqaro munosabatlar.
  3. XVII asrda Rossiyaning Yevropa mamlakatlari bilan olib borgan aloqalari.
  4. Rossiyaga qarshi blokning tashkil topishi.

O‘ttiz yillik urush tugagandan keyingi xalqaro munosabatlarda avvalo uchta eng muhim voqea ro‘y berdi. Birinchidan, Angliyada burjua inqilobi g‘alaba qilgandan so‘ng xalqaro ijtimoiy-siyosiy sistemalari turlicha bo‘lgan ikki xil gruppa, ya’ni burjua davlatlari (Angliya va Gollandiya) hamda feodal (dvoryan) davlatlari bir-biriga ta’sir ko‘rsatmokda edi. Bu ziddiyat Yevropadagi xalqaro ahvolni murakkablashtirib yubordi. To‘g‘ri, feodal monarxiyalar koalitsiyasining Angliyaga qarshi intervensiyasi, ya’ni ingliz inqilobi yillarida zo‘r berib propaganda qilingan va tayyorlangan oshkora intervensiya amalga oshmadi, chunki qit’adagi buyuk davlatlar o‘rtasidagi bartaraf qilib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, shuningdek bu davdatlarning ichki ijtimoiy siyosiy qiyinchiliklari, ayniqsa Fransiyadagi Fronda bu intervensiyani amalga oshirishga imkon bermadi. Buning ustiga, Angliya, ya’ni burjua Angliyasi o‘zining birinchi urushini qandaydir dvoryan monarxiyalariga emas, balki boshqa bir burjua respublikasiga Gollandiyaga qarshi olib bormoqda edi. Buning boisi shu ediki ikkala yosh burjua davlati ham dengizlarda hukmronlik qilishga intilardi, ular birinchi galda Yevropa qit’asida gegemonlik qilishga emas, balki jahon savdo yo‘llarida bepoyon okean kengliklarida uzok joydardagi xalqlar va mamlakatlarning bozorlarida gegemonlik qilishga qiziqardi. Lekin bu ikki burjua davlati o‘rtasidagi raqobat sal vaqt o‘tmay yo‘qoldi, chunki Gollandiya kuchsizlik qildi va xalqaro siyosatda Angliyaning ikkinchi darajali sherigi bo‘lib qatnashishga majbur bo‘ldi. 1688 yildan boshlab Angliya bilan Gollandiya o‘rtasida ittifoq vujudga keldi, chunki Gollandiya qiroli Vilgelm III Angliya hukmdori bo‘lib qolgan edi. Aksincha, burjua Angliya — Gollandiya davlatlari gruppasi bilan qit’adagi feodal monarxiyalarning boshlig‘i bo‘lgan Fransiya o‘rtasidagi ziddiyat to‘xtovsiz kuchayib bordi. Bu esa xalqaro munosabatlar sohasida ikki ijtimoiy — iqtisodiy sistema raqobatining namoyon bo‘lishi edi. Bularning birinchisi burjua ijtimoiy- iqtisodiy sistema to‘xtovsiz mustaxkamlab va kuchayib bormoqda edi, ikkinchisi, feodal sistema esa o‘z ustunligini barcha vositalar bilan muhofaza etuvchi taraflaridan tortib to harbiy tajovuzkorlikkacha o‘z ichiga olgan vositalar bilan zo‘r berib himoya qilmoqda edi. Sharqiy Yevropa qudratli davlat — feodal Rossiya monarxiyasi Yevropa davlatlari sistemasiga aktiv kuch sifatida qo‘shilgan vaqtdan boshlab bu sistema tushunchasining o‘zi hiyla kengaydi. Rossiya XVII asrdayoq Yevropadagi o‘ttiz yillik urushning borishiga ta’sir ko‘rsatganidan so‘ng uning roli juda ham ko‘zga ko‘rindi. XVII asrning 30 yillari o‘rtalaridan boshlab rus hukumatining asosiy diqqat e’tibori janubda Krim tatarlariga qarshi kuchli mudofaa liniyasi vujudga keltirishga qaratilgan edi, lekin 40-yillarning oxirlariga kelib Rossiya yana Yevropadagi xalqaro munosabatlarning qudratli omili sifatida maydonga chiqdi.

Mustahkamlanib borayotgan rus davlatining tashqi siyosiy vazifasi asosan, shimoliy — g‘arbda va janubda siqib qo‘yayotgan va xuddi qamal holatidagiday tutib kelayotgan uchta davlatga, ya’ni Shvesiya, Polsha va Turkiyaga qarshi kurash olib borishdan iborat edi. Bu uch davlatning biri o‘tmishda boshqa ba’zi xalqlarni, o‘lkalarni bosib olgan ko‘p millatli davlat edi. Shunday qilib, Rossiyaning hukmron sinfi o‘z territoriyasini kengaytirish uchun Shvesiyaga, Polsha va Turkiyaga qarshi olib borgan kurashi o‘rinli kurash edi, chunki bu kurash rusdan zo‘rlik bilan tortib olingan territoriyalarni qayta qo‘lga kiritish uchun olib borgan urush edi. Ammo Shvesiya va Turkiyaga qarshi kurash Rossiyaning Boltiq dengiziga va Qora dengizga chiqishi uchun, dengiz orqali bo‘ladigan jahon savdosida va umum Yevropa siyosiy hayotida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun olib borilgan kurashi edi.

XVII asrning ikkinchi yarmida Shvesiya bilan Turkiya bosqinchilik, tajovuzkorlik siyosati yurgizganliklari uchun sharqiy Yevropadagi xalqaro ahvol juda ham jiddiylashib ketgan edi. Ilgari Boltiq dengizining qariyib butun sohilini bosib olgan Shvesiya endi sohilning ichkarisidagi territoriyalarni, ya’ni Boltiq dengizi orqali olib boriladigan savdo uchun qishloq xo‘jalik mollari yetkazib beruvchi Rossiya va Polsha bilan kuch sinashardi. Shvesiyaning bosqinchilik siyosati uning Boltiq bo‘yida hukmronlik qilishi uchun olib borilayotgan kurashning davomi edi, mahsulotlarni sotish orqali g‘oyat katta boylik orttirish uchun imkon beradigan kuch edi. Shved dvoryanlari va savdogarlari zo‘r berib bu maqsadga erishish uchun intilar va o‘z hukumatini ig‘vogarlikka, bosqinchilikka qaratilgan tashqi siyosat yurgizishga undardilar. Ayni paytda Janubiy-Sharqiy Yevropada Turkiyaning bosqinchiligi qayta boshlandi. Turkiya bilan Eron o‘rtasidagi bir qancha urushlar natijasida Turkiyaning Yevropadagi agressiyasi XVII asr boshlaridayoq to‘xtatilgan edi. Lekin XVII asrning 60- yillarida Eron -Turkiya antagonizmi susayinshi bilan Usmon imperiyasi yana o‘zining Yevropadagi yer mulklarini kengaytirishga tushdi. So‘l qirg‘oq Ukrainani Moskva davlatiga qo‘shgan Xmelniskiy rahbarligida Rech Pospolitiya o‘rtasida 1654 yilda urush boshlandi, rus ko‘shinlari Polshaga zafar bilan kirib bordi. Lekin o‘sha vaqtda Rossiyaning «ittifoqchisi» Shvesiya shoshib- pishib polyaklar yerlarini shimoldan bosib olishga kirishdi. Natijada Rossiya Shvesiyaga qarshi urush boshladi va shved qo‘shinlarini Boltiq sohiliga siqib ko‘ygandan keyingina yana Polshaga qarshi urushni davom ettira oldi.

1667 yildagi Indrusovoda tuzilgan yarash ahdiga binoan So‘l qirg‘oq Ukraina rasman Rossiyaga qo‘shib olindi. Lekin o‘sha vaqtda Turkiya janubdan o‘ng qirg‘oq Ukrainaga bostirib kirishga shoshilmoqda edi. Moskva tashqi siyosatiga endi Turkiya xavfini harbiy vositalar bilan ham, diplomatik vositalar bilan ham daf etishga to‘g‘ri keldi.

Shunday qilib sharqiy Yevropadagi xalqaro ziddiyatlar butun Yevropa davlatlari sistemasiga Yevropadagi barcha xalqaro munosabatlar bobidagi butun ahvolga chuqur ta’sir ko‘rsatmay qola olmas edi. Uchinchidan, 30 yillik urushdan so‘ng harbiy feodal monarxiyalarining o‘z orasida kuchlarning joylashuvi xiyla darajada o‘zgardi. XVII asrning birinchi yarmida Avstriya va Ispaniya Gabsburglari  G‘arbiy Yevropaning xalqaro hayotida gegemonlik qilgan bo‘lsa, XVII asrning ikkinchi yarmida bu gegemonlik, shubhasiz Lyudovik XIV Burbon saroyiga o‘tdi. Gabsburglar siyosati millat manfaatlariga qarshi katoliklar «universalizm» tendensiyalari bilan bog‘langan edi. Ammo 30 yillik urushda Gabsburglar batamom tor-mor etilgani yo‘q edi va xalqaro kuch bo‘lib qolaverdi. XVII asr 60 yillarida Lyudovik XIV monarxiyasining ichki axvoli shu qadar mustahkamlandiki, u kurashni yangidan boshlashi imkonini berdi. Lekin kurashning mazmuni o‘zgardi. XIV asr o‘rtalarigacha Gabsburglar bilan olib borilgan urush asosan milliy mudofaa xarakteridagi urush edi. Lyudovik XIV olib borgan urush keyinchalik bosqinchilik urushiga aylanib bordi. U Yevropa imperiyasini vujudga keltirish, dastavval g‘arbiy Germaniyani egallash orzusida edi. Pireniya sulhini tuzishdayoq Mazarini bu sulhnomada Fransiyani kelajakda Ispaniya taxtini da’vo qilish uchun bahona qilgan edi. Ispaniya qirolining qizi va vorisi Mariya Tereza Lyudovik XIV ga tegdi. U Ispaniya taxtini egallashi mumkin edi. Ispaniya bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun Pireniya sulhi tekstiga Mariya Terezaning o‘zi va zurriyodining Ispaniya taxtini da’vo qilish huquqlaridan voz kechish kerak degan modda kiritilishini talab qildi. Mazarini bunga rozi bo‘ldi. Lekin Mariya Tereza buning evaziga 500 ming ekyu oltin pul to‘lashi kerak dedi. Mazarini bu pulni Ispaniya to‘lay olmasligini bilar edi. Ammo bu pul to‘lanmasa Mariya Terezaning voz kechishi bekor qilinar edi yoki to‘lanmagan pul badaliga Fransiya Ispaniyaning muayyan hududini talab qilishi mumkin edi. Mazarinining diplomatik tuguni yarim asrdan so‘ng yechildi. Belgilangan pul haqiqatdan ham to‘lanmadi. Ispaniya qiroli Filipp XIV 1665 yilda vafot etdi, Fransiya o‘z merosini janubiy Niderlandiyadan berilishini talab qildk. Ispaniya uni rad qildi. Natijada 1667 yilda Fransiya Ispaniya urushi boshlandi. Bu urush «Devolyusiya urushi yoki vorislik urush» deyildi. Lyudovik XIV Brabatan va Flandriyani armiyasi yo‘qligi tufayli ximoyasiz deb o‘yladi, Ispaniya ularga qo‘shin yetkazib berolmas edi. Fransuzlarning 1667 yilgi boji og‘ir bo‘lib, Gollandlarning savdo ishlariga putur yetkazgandi. Bundan g‘azablangan Gollandlar tajovuzkor Fransiya bilan qo‘shni bo‘lishdan qo‘rqib, janubiy Niderlandiyaning ular tomonidan bosib olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka axd qildilar. Ular ashaddiy dushmanlari Ispaniya qirollari bilan ittifoq tuzishni afzal ko‘rib, ular talablariga rozi bo‘ldilar. 1665-1667 yillarda Angliya Gollandiyaga qarshi ikkinchi muvaffaqiyatsiz urush olib borayotgan edi, lekin Angliya parlamenti 1668 yil Karl II ni o‘z yo‘lini o‘zgartirishga va Fransiyaga qarshi Gollandiya bilan ittifoq tuzishga majburladi. Bungacha qirol Fransiyaga Angliya bilan ittifoq tuzishni taklif qildi, lekin Lyudovik XIV uni qabul qilmadi, chunki unga ko‘ra Ispaniyaning hamma mustamlakalari Angliyaga o‘tishi kerak edi. Shunday qilib, Gabsburglarga qarshi kurashda kechagina ittifoqchi bo‘lgan Gollandiya, Shvesiya, Angliya, Ispaniya bilan birlashib Fransiyaning dushmaniga aylandi. Fransiya urushga diplomatik jihatdan yaxshi tayyor emasdi. Shu sababli Gollandiya va Ispaniya Germaniya ustiga qilgan yurishlar keskin bo‘lsa-da, Lyudovik V bir yildan so‘ng 1668 yidayoq urushni shoshilinch sur’atda to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Axen sulhiga ko‘ra Fransiya Finlyandiyaning bir qismini ya’ni Liml shahrini o‘zida saqlab qola oldi.

1672 yili eng yaxshi lashkarboshilari Tyurek va Konde rahbarligidagi fransuz armiyasi janubiy Niderlandiyaga va Gollandiyaga xujum qildi. Olib bo‘lmaydigan mustahkam deb hisoblangan va bir vaqtlar ispanlarga qarshi qurilgan golland qal’alari olindi. Fransuz qo‘shinlari Gollandiyaning ichiga bostirib kirdi. Amsterdam Oranskiy juda keskin harbiy choralar ko‘rdi, to‘g‘onlar buzdirildi, katta bir territoriyani suv bosdi, Fransuz qo‘shinlari chekinishga majbur bo‘ldi. Lekin Vilgelmning choralari muvaffaqiyatliroq edi. Uning choralari Fransiyani bir qism qo‘shinlarini Germaniyaga yuborishga majbur qildi, bu qo‘shinlar Germaniyada hamma yoqni xarob qildi. Shunday qilib xalqaro vaziyat Fransiya uchun yana noqulay tus ola boshladi. Lyudovik XIV 1679 yilda Nimvegon sulhini tuzdi. Ispaniya unga janubiy Niderlandiyadagi yana bir qancha shaharlarni berdi. Bu shartnoma birinchi Fransuz tilida yozilgan shartnoma bo‘ldi. Lyudovik XIV ning ishtahasi osha bordi, u shimoliy Italiyani, butun g‘arbiy Germaniyani, uning toj-taxtini da’vo qila boshladi. Imperator Leopold I ning ahvoli mushkul edi, u ikki tomonlama savdoda — Fransiya va Turkiya xavfi ostida edi. 1686 yili asosan Gollandiya shatatgalteri Vilgelm III Oranskiyning diplomatik aktivligi tufayli Augsburg ligasi vujudga keldi. Fransiyaga qarshi mamlakatlar va papa Innokentiy XI homiyligida Fransiyaning keyingi vaqtlarda qiladigan har qanday territorial da’volarga qarshi mudofaa ittifoqi tuzdilar. Lyudovik XIV Risvik sulhini tuzib, Ispaniya merosidan katta ulush olishni mo‘ljallangan ed. Ispaniya qiroli Karl II ning erkak zuriyodi yo‘q edi. Merosxo‘rlar: Mariya-Tereza bilan Lyudovik XIV ning o‘g‘li, Margarita-Terezaning eri Leopold I va Bavariyaning go‘dak shahzodasi Leopold II edi. Lyudovik XIV Augsburg ittifoqi bilan yarashishdan foydalanib, Ispaniya o‘lkalarini uchta merosxo‘r o‘rtasida do‘stona taqsimlash haqida, Ispaniyani aralashtirmay Ausburg ittifoqi a’zolari bilan 1698 yildayoq yashirincha kelishib olgan edi. Biroq 1696 yilda yuqoridagi til biriktirishga muvofiq Ispaniya taxtiga chiqishi lozim bo‘lgan Bavariya shaxzodasi to‘satdan vafot etdi. Imperator Leopold II o‘zining Ispaniya merosiga doir huquqlarini o‘z o‘g‘li gersog Karlga berishni e’lon qildi.

Shu orada Ispaniya qiroli Karl II saroyida ikki guruh kishilar: Avstriya va Fransiya tarafdorlari o‘rtasida kurash borayotgandi. Fransiya tarafdorlarining Karl II ga ta’siri katta edi. Ular Ispan hukmdorlarini pora berib sotib olish yo‘li bilan g‘alaba qozondi. Karl II Ispan va Fransuz saltanatini birlashtirmaslik sharti bilan o‘z qo‘li ostida hamma o‘lkalarni Fransiyadagi merosxo‘riga Lyudovik XIX ning ikkinchi nabirasi Filipp Anjuyskiyga berishni vasiyat qildi.

Sal o‘tmay Lyudovik XIV siyosati Yevropada yangi urush bo‘lishini muqarrar kilib qo‘ydi. Filipp Anjuyskiy 1701 yil boshlarida Ispaniyaga kelishi va Filipp V nomi bilan Ispaniya qiroli deb e’lon qilingani bilan cheklanmay, Lyudovik Ispan va Fransuz yerlarini birlashtirmasligi to‘g‘risidagi shartga mutlaqo rioya qilmoqchi emas edi. U endi «General yo‘q» deb da’vo kilib, Filipp II ning Fransuz taxtiga merosxo‘rligini rasmiy hujjat bilan tasdiqladi. U Ispaniya o‘lkalarini Filipp V nomi bilan idora qila boshladi. Inglizlar bilan gollandlarning Ispaniyada «savdo-sotiq imtiyozlari berilishi haqidagi talablari Lyudovik XIV tomonidan rad qilindi. 1701 yil Vilgelm II vafot etib, Lyudovik XIV Risvik sulhidan tan olgan majburiyatlarini buzib, Yakov II ning o‘g‘lini Angliya qiroli deb tan oldi. Angliya va Gollandiya, Angliyaning yangi qirolichasi Anna ham Fransiyaga urush ochishdan o‘zga iloji yo‘qligini tan oldi.

1701 yilda imperator Leopld I ning Lyudovik XIV ga qarshi urush boshlashga, bosib olingan yerlarini qaytarib olish va yangi istilolarning oldini olishga harkat qilish uchun hech nima xalaqit bermas edi. Fransuz ko‘shinlarining Milan gersogligini bosib olishga to‘sqinlik qilish maqsadida Leopold I rasmiy ravishda urush e’lon qilmasdan oldinroq 1701 yilda Italiyaga qo‘shin yubordi.

1702 yil mayida Angliyaga va Gollandiyadan so‘ng Leopold I ham Fransiyaga urush e’lon qildi. Ersgersog Karl 1702 yil ingliz flotining himoyasida Portugaliyaga keldi va o‘zini Ispaniya qiroli Karl III deb e’lon qildi va Madridda turgan qirol Filipp V ga qarshi urush boshladi. Ispaniya merosi uchun olib borilgan urush ayni bir vaqtda to‘rtta jang maydonida: Italiyada, Ispaniyada, g‘arbiy Germaniyada va Niderlandiyada olib borilmoqda edi. Urushning birinchi davri (1702-1704) Fransiya uchun qulay bo‘ldi. Mahoratli lashkarboshilar qo‘mondonligidagi fransuz armiyalari Niderlandiya va Reyn viloyatida mudofaa janglarini olib bordilar.

Lekin 1705 yilda Fransiyaning nechog‘lik holdan ketganligi ayon bo‘ldi. U o‘z dushmanlariga so‘nggi zarbani berolmadi, chunki Fransiyaning mablag‘lari tugagan edi.

Ispaniya merosi uchun olib borilgan urushning ikkinchi davri 1705 yildan boshlandi. Bu davrda Fransiya tobora ko‘p harbiy omadsizliklarga va mag‘lubiyatlarga uchradi. 1706 yilda Fransuz qo‘shinlari Niderlandiyadan, 1707 yilda Milan gersogligidan yengildi, natijada Italiya ham Ispaniya qirolining hukmronligidan butunlay qutulib, imperator va inglizlar qo‘l ostida o‘tdi. G‘arbiy Germaniyada hamma narsa qo‘ldan ketgan edi. Dushmanlar shimol va janubdan Fransiyaga bostirib kirdi. Lyudovik XIV taslim bo‘lish lozimligini sezsada, uni tan olgisi kelmadi. Lekin 1710 yildan boshlab Angliyaning siyosatida keskin burilish yuz berdi, shu sababli o‘sha vaqtda Ispaniya merosi uchun olib borilgan urush tarixida uchinchi davr boshlandi. Ba’zi ingliz tarixchilari bu burilishning sababi juda ochiqdan-ochiq boyib olgan gersog Malboroning ingliz burjuaziyasi orasida obro‘yi qolmaganligidir deydilar. Yo‘q, unday emas, buning bir qancha sabablari bor.jumladan: Pyotr I ning Poltava yonida Karl XII ustidan qozongan g‘alabasi (1709) va Shimoliy Sharqiy Yevropadagi kuchlar nisbatining o‘zgarganligi asosiy sababdir. 1711 yil imperator Iosif I vafot etdi, uning vorisi bo‘lmagani uchun taxt Leopold I ning ikkinchi o‘g‘li Karlga topshirildi.

Angliya bilan Fransiya o‘rtasida dastlabki sulh shartlari 1712 yil oktabrida imzolandi. 1713 yili Utrektdagi sulh kongressi, Fransiya va Ispaniya o‘rtasida, ikkinchidan Fransiya, Angliya, Gollandiya, Brandenburg, Savoyya va Portugaliya o‘rtasida Utrekt shartnomasining tuzilishiga olib keldi. Filipp V ning Ispaniyaga va okean nariyog‘idagi mustamlakalariga hukmronlik qilish huquqi tan olindi, imperator Karl VI esa buning evaziga ilgarigi Ispaniya Niderlandiyasini va Ispaniyaning Italiyadagi sobiq o‘lkalarini olishi kerak edi. Shunday qilib Avstriya Gabsburglari Yevropadagi o‘z kuchlarini ancha ko‘paytirdilar. Uetraxt sulhiga ko‘ra go‘yo Angliya juda oz narsa olgandek tuyulsa-da, lekin bu sulh aslida Angliya mustamlakachi imperiyasining rivojlanishiga olib keldi. U Gibraltarni va O‘rta dengizdagi Meorka orolini, Shimoliy Amerikada muhim ahamiyatli territoriyalarni Nyufaundlendini, mukaddas lavrentiy daryoni quyilish joyini, Akadiyani, Fransiya Kanadasini qo‘lga kiritdi, Ispaniya va uning Amerikadagi mustamlakalari bilan savdo-sotiqda alohida huquqlarga ega bo‘ldi. Gollandiya amalda hech narsa olmadi va shartnomadan so‘ng uchinchi darajali davlat holatiga tushib qoldi.

1712 yildayoq Angliyaning Gaagadagi vakili Shvesiyaning vayron qilinishiga va shimoliy davlatlar o‘rtasidagi muvozanatning buzilishiga Angliyaning yo‘l ko‘ymasligini rus elchisiga rasmiy ravishda bildirdi. Lekin Pyotr I Shimoliy Yevropada o‘z ta’sirini tez oshirib borib, u Shvesiyaga tobora yangidan-yangi zarbalar berdi. Rus floti Gangut yonida shved floti ustidan g‘alaba qozonganidan keyin (1714) Boltiqda hukmron kuch bo‘lib qoldi. Pyotr I Angliya qiroli Georg I ning Boltiq dengizidagi munosabatlarini ko‘rib, 1717 yilda o‘zining fransuzlarga qarshi kayfiyatini o‘zgartirib yubordi. «Yevropada umumiy tinchlikni saqlash uchun» Fransiya, Rossiya va Prussiya o‘rtasida Amsterdamda shartnoma tuzildi.

Ammo Pyotr I ning diplomatik va harbiy muvaffaqiyatlari Angliyaning Pyotr I ga qarshi harakat qilish istagini kuchaytirdi. 1719 yili Angliya qiroli o‘z navbatida Gannover kurfyursti ham edi, shu sababli Rossiyaga qarshi Shvesiya bilan ittifoq tuzdi. Ingliz floti Boltiq dengiziga kirdi. Daniya bilan Prussiya Rossiyaga xiyonat qildi, endi Angliya bilan bir oz inoqlashayotgan Fransiya ham zimmasidagi majburiyatlaridan bosh tortdi. Ingliz diplomatiyasining Shimoliy-Sharqiy Yevropadagi yangi vaziyatni va Rossiya Boltiqda birinchi darajali davlatga aylanganini tan olish zarurligiga qat’iy ishonch hosil qilmog‘i uchun Rossiya yangi harbiy muvaffaqiyatlarga erishmog‘i lozim bo‘ldi. 1721 yil Shimoliy urush Nishdat sulhi bilan tugadi va Rossiya bosib olgan hududlariga ega bo‘lib qoldi.

Ispaniya merosi uchun olib borilgan urush va shimoliy urush Yevropa davlatlarining kuchi nisbatida zo‘r o‘zgarishlarga olib keldi. Fransiya sharqiy Yevropada gegemonlik qilish huquqidan mahrum bo‘ldi. Shvesiya qisqa davr qudratli davlat bo‘lib turib, keyin ikkinchi darajali davlat holiga aylandi. O‘ttiz yillik urushda o‘z maqsadlariga erisha olmagan Avstriya Gabsburglari yana kuchaydi va o‘zlarining Yevropadagi yerlarini kengaytirdi. Germaniyada kuchli Prussiya qirolligi vujudga keldi. Gollandiya, Polsha va Turkiya Yevropadagi xalqaro hayotda aktiv rol o‘ynamaydigan bo‘lib qoldi.

XVIII asrda Rossiya qudratining oshishi Yevropadagi butun xalqaro vaziyatning o‘zgarishiga olib keldi. Rossiya Boltiq dengizi bilan Tinch okean o‘rtasidagi territoriyalarni o‘z ichiga olgan g‘oyat katta imperiyaga aylandi. Yevropa tarixida bunday imperiya hali tuzilmagan edi.

Rossiya juda katta o‘lkalarga ega bo‘lishga qaramay uning territoriyasi tobora kengayib bormoqda edi. Rossiyaning g‘arb bilan, shuningdek, Eron bilan kattagina savdo sotiq aloqalari bor edi. Hukmron pomeshchiklar sinfi bilan rus savdogarlari savdo yo‘llarini mustahkamlab borishga, chegaralarni strategiya jihatdan mustahkam joylardan o‘tkazishga va Rossiyaning territoriyasini tobora kengaytirib va xalqaro ta’sirini oshirib borishga intilardi. Shimolda Rossiya oldida Boltiqdagi pozitsiyalarni mustahkam himoya qilish vazifasi turar edi. Petr I ning g‘alabalaridan keyii Shvesiya Yevropaning shimolida juda kuchli davlat bo‘lmasada, poytaxtga Shvesiya tomonidan tahdid qilish xavfi mavjud edi.

Rossiyaning Polshadagi ta’sirini kuchaytirish masalasi ruslarning g‘arbdagi siyosatida eng muhim o‘rin tutardi. Janubdagi vazifa — Azovni ishg‘ol etish, Qora dengizda savdo qilish huquqini qo‘lga kiritish, Turkiyaga qarshi yana kurash olib borishdan iborat edi.

Mustamlakalar uchun va Yevropa qit’asida ta’sir kursatish uchun Angliya va Fransiya manfaatlari to‘qnashadigan joy dengizlarning nariyog‘idagi mamlakatlar edi. Bu mamlakatlar Kanada va Ost — Indiya bo‘lib, Kanadani fransuzlar XVII asrdayoq bosib olgan edi. Ost-Indiya territoriyasida esa Ingliz va Fransuz istilochilari qattiq kurash olib borardi. Angliya bilan Fransiya o‘rtasida Yevropadagi ayrim hududlar uchun ham keskin ziddiyatlar bor edi. Angliya hukumati Fransiyaning Avstriya Niderlandiyasini va uning eng muhim qal’asi Antverpenni egallab olishga yo‘l qo‘ymaslikka intilar edi. Antverpenning fransuzlar ko‘lida bo‘lishi Angliya uchun xavf tug‘dirishi mumkin edi. Antverpen fransuzlar qo‘lida bo‘lsa, Britaniya flotining kuchlari Yevropada band bo‘lib, Angliyaning mustamlakachilik agressiyasi muvaffaqiyatli avj olmasdi. Mudofaa maqsadida emas, mustamlakalarni talash maqsadida Angliya burjuaziyasi va aristokratiyasi Niderlandiyani Fransiyaning ta’siri ostida bo‘lishga yo‘l qo‘yishni istamasdi. Shu maqsadga erishish uchun Angliya burjuaziyasi Yevropada Fransiyaning quruqlikdagi kuchlarini band qilib tura oladigan ittifoqchi topishga tirishdi.

Angliya hukumati 1713 yilda Ispaniya merosi uchun urushdan so‘ng, Niderlandiyaning Avstriyaga berilishiga erishgach, XVIII asrning birinchi yarmida Avstriya gabsburglarini, ya’ni Fransiya raqiblarini qo‘llab keldi. Angliya Gollandiyaga ta’sir ko‘rsatish uchun Fransiyaga qarshi kurashdi. Gannover siyosatini murakkablashtirib yubordi. Fransiyaning Gannoverni bosib olish mumkinligi Fransiyaga qarshi kurashish uchun Angliyaning ittifoqchilar orttirish ehtiyojini yanada kuchaytirdi. Angliya o‘zining savdo va mustamlakalaridan kelgan foyda orqali Fransiyaga qarshi birovlarning kuchi bilan kurash olib bordi.

Angliyaning boshqa bir dushmani Ispaniya esa Gibraltar bug‘ozi va Menorkaning inglizlar tomonidan bosib olinganligini tan olmay kelayotgandi. Ingliz burjuaziyasi Ispaniya mustamlakalarida savdo huquqiga erishmoqchi va Ispanlarning Shimoliy Amerikadagi yerlarini egallab olmoqchi edi. Angliyaga qarshi kurash Ispaniyani Fransiya bilan birlashtirdi. Burbonlar sulolasining Ispaniya taxtiga o‘tirishi ham bunga yordam berdi.

XVIII asrning birinchi yarmida Ispaniya bilan Fransiya Avstriya Gabsburglarining ashaddiy dushmanlari edi. Gabsburglarga qarshi kurashda Shvesiya va Turkiyadan Fransiya o‘z ittifoqchilari sifatida foydalanishga intildi. Fransiyaning urinishi Rossiya dushmanlarining ittifoqchisi sifatida noqulay ahvolda qoldi. Gabsburglarga qarshi qaratilgan «Sharqiy g‘ov» degan mash’um sistema uzoq vaqtgacha Fransiyani Rossiya dushmanlarining ittifoqchisi deb hisoblab keldi. Ispaniya Italiyadagi o‘lkalari uchun Gabsburglarga qarshi kurash olib bordi. Ispaniya Burbonlari Ispaniya merosi uchun olib borilgan urushdan keyin Avstriya Gabsburglarining qo‘lida qolgan ulkan Sitsiliya qirolligining o‘z qo‘llariga o‘tishini talab qildilar. Italiyadagi bu davlatning Ispaniya Burbonlari qo‘liga o‘tishi Ispaniyaning O‘rta dengizdagi mavqeini mustahkamladi va Angliyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ispaniya merosi uchun olib borilgan urushdan keyin 1733 yili Polsha tufayli birinchi katta xalqaro janjal boshlandi. Shlyaxta Polshasi juda ham zaiflashib qolgan edi.

XVI asrdayoq shlyaxta Polshani G‘arbiy Yevropa uchun g‘alla yetkazib beruvchi mamlakatga aylantirib, Niderland ingliz va nemis mollarining bojsiz keltirilish uchun chegaralarni keng ochib bergandi. Bu hol polyak sanoatini bug‘di, burjuaziyaning rivojiga yo‘l bermadi. Shaharlarning pul bilan yordam bermasligi qirol hokimiyatining mustahkamlashiga yo‘l bermadi qirol hokimiyatining moliyaviy imkoniyatini ham, armiyasi ham juda zaif edi. Polyak magnatlarining va shlyaxtaning tashqi siyosati ham mamlakatning inqirozga yuz tutishiga sabab bo‘ldi.

XVI-XVIII asrlarda polyak magnatlari va shlyaxta sharkdan shiddatli agressiya olib bordi, u bir necha davlat qirollari bilan til biriktirib ish ko‘rdi. Bunday halokatli siyosat polyak xalqining manfaatlariga zid kelib, Polshaning g‘arbdagi o‘z yerlarini qaytib olishga halal berdi. XVIII asrda Polsha shu qadar zaiflashgan ediki, kuchli davlat ya’ni Rossiyaga qarshi davlatlar Polshadan istalgan vaqtda foydalanishlari mumkin edi. Polshani o‘z vassaliga aylantirishga va uning taxtiga o‘z odami Stanislav Leshchinskiyni o‘tkazishga uringan Karl XII ning qo‘shinlari Polshani strategik nuqtalarini egallashga muvaffaq bo‘lgan edi. Avstriyaning eng xavfli dushmani Prussiya davlati edi. Prussiyaning bosqinchilik siyosati qirol Fridrix II zamonida juda ham avj olib ketdi. Prussiyaning tashqi siyosati qo‘shni davlatlarga nisbatan hiyla-nayrang ishlatishga va uz ittifoqchilariga nisbatan hayosizlik bilan xiyonat qilishga asoslangandi. Fridrix II o‘zining nihoyatda surbetligi bilan boshqalardan ajralib turardi. 1740 yili Karl VI vafot etgach, uning o‘rniga Mariya Tereza o‘tirdi. Fridrix II hukmronligining birinchi yilidayoq urush e’lon qilmay turib, Avstriyaning eng boy va sanoat jihatdan taraqkiy qilgan viloyati Sileziyani bosib oldi. Prussiya tomonidan bosib olingan yerlarga o‘xshash Sileziya ham polyaklarning qadimiy yeri edi.

Bovariya bilan Fransiya Fridrix II ning ittifoqchilari bo‘lib, bu ikkisi Avstriya qo‘lidagi Niderlandiyani bosib olishga bel bog‘lagandi. Avstriyaning dushmanlari uni zaiflashtirish maqsadida Bavariya kyurfyurstining imperator qilib saylanishga va Chexiyaning Bavariyaga qo‘shib olinishiga erishmoqchi edi. Kyurfyurst Saksonskiy va Polsha qiroli Avgust III Fridrix II ning ta’siriga berildi. U Rossiya va Avstriya bilan tuzilgan ittifoqqa xiyonat qildi va Moraviyani bosib olish maqsadida Prussiya tomonida turib urushga qatnashdi. Ispaniya ham Avstriyaning dushmanlari qatoriga qo‘shildi.

Ruslarning Polo‘nadagi ta’sirini mustahkamlash, Rossiyaning Qora dengiz qirg‘oqlari uchun kurashida ham alohida ahamiyatga ega edi, chunki Turkiyaga qarshi urushlar olib borish uchun Rossiyaning Polsha bilan tutashgan yon tomoni xavfsiz bo‘lishini ta’minlash kerak edi.

1763 yili Avgust III Saksoniskiy vafotidan so‘ng Polshaga yangi qirol saylanishi kerak edi. Yangi qirol saylash hamisha shunday bir holga olib kelardiki, qo‘shni davlatlar Polsha taxtiga o‘zlariga yoqadigan nomzodning o‘ltirishi uchun kurashardilar. Fransiya bilan Avstriya yangi qirolni o‘z siyosatining quroliga aylantirish umidida yana Saksonskiy xonadonidan nomzodlar ko‘rsatishdi. Yekaterina boshqacha reja tutdi. Polsha taxtiga Yekatirina o‘zining sobiq mahbubi Stanislav Ponyatovskiyning o‘tirishni ta’min etishga intildi, u eski Polsha qirollarining Giestlar xonadoniga mansub edi. Yekaterina bu nomzodni o‘tkazish yolg‘iz o‘ziga qiyin bo‘lishini anglab, o‘z rejasining muvaffaqiyatli amalga oshuvini ta’minlash uchun Prussiya bilan inoqlasha bordi.

1764 yili Fridrix II bilan Yekaterina o‘rtasida Polsha ishlariga umumiy aralashish zaminida ittifoq tuzildi. Rossiya Turkiyaga yordam berish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Fridrix II esa Rossiya-Fransiya munosabatlarining keskinlashuvidan o‘zining Yevropadagi ahvolini yaxshilash uchun foydalandi.

Rossiyaning tazyiqi natijasida Stanislav Ponyatovskiy Polsha qiroli qilib saylandi. 1767 yili esa dissidentlarning huquqini katoliklar huquqi bilan tenglashtirish haqida qonun chiqarildi. Polshani tobora zaiflashtirish, uning Rossiyaga qaramligini kuchaytirish maqsadida Yekaterina Polsha bilan shartnoma tuzdi. Shuni aytish lozimki, dastlab Yekaterina Polshada qirol hokimiyatining bir muncha kuchayishiga erishmoqchi va shu tariqa mustahkamlangan Polshadan Turkiyaga qarshi o‘zining ittifoqchisi va vassali sifatida foydalanmoqchi bo‘ldi. Lekin Fridrix II polyaklarning vatanparvarlik intilishlariga dushmanlik pozitsiyasida bo‘lib, u Polsha bilan Rossiyaning inoqlashishidan qo‘rqib, Polshada reforma o‘tkazmasligini talab qildi.

Fridrixga yon berib Yekaterina polyaklarga reforma o‘tkazishga ruxsat bermadi, bu hol polyaklarni ruslarga qarshi qattiq g‘azablantirdi.

XVIII asrning 60 yillarida o‘z zamonining eng katta diplomatlaridan biri bo‘lgan Nikita Ivanovich Panin Yekaterinaning eng yaqin yordamchisi edi. U Yekatirena bilan birga rus siyosatining shimoliy sistemasi degan sistemani ishlab chikdi.

«Shimoliy sistema» yetti yillik urushning oxirlarida ro‘y bergan ziddiyatlarning kuchayishidan kelib chiqqan muqarrar natija edi. Bu sistema «janubiy» davlatlarning — Fransiya, Avstriya va Turkiyaning Rossiyaga dushmanligi sababli vujudga kelgan bo‘lib, uning mohiyati «shimoliy» davlatlar bilan, birinchi navbatda Prussiya va Daniya bilan inoqlashishdan iborat edi. Yekatirina bilan Panin janubda o‘z mayliga ish ko‘rib, «shimoliy» davlatlarning qo‘llashidan foydalanib, Rossiyaning Polsha va Yaqin Sharkdagi ta’sirini mustaxkamlash niyatida edi. Yekatirina II Prussiya bilan ittifoq tuzishdan tashkari Daniya bilan ham ittifoq tuzdi (1765) va Angliya bilan savdo shartnomasini tuzdi. (1766) Bularning hammasi Rossiyaning xalqaro ahvolini yaxshilash uchun qilindi.

Rus diplomatiyasining Polshadagi yutuqlari Fransiya bilan Avstriyani Rossiyaga qarshi ish ko‘rishga sabab bo‘ldi. Natijada 1768 yilda Turkiya Rossiyaga hujum qildi. Urush boshlanib ketdi, bu urushda Turkiya batamom mag‘lubiyatga uchradi va fransuz diplomatiyasining hamma rejalari barbod bo‘ldi. Turkiyaning mag‘lubiyatga uchraganligi butun Yevropaga ma’lum bo‘ldi.

Yekatirina II Rossiya dvoryanlari imieriyasining Qora dengizga chiqishini, rus pomeshchiklari va savdogarlarning xarbiy savdo-sotiq maqsadida Qora dengizda suzish erkinligiga, dengizdan boshqa dengiz va okean yo‘llariga chiqishni ta’minlab bermoqchi edi. Kora dengiz bo‘yidagi dashtlarni o‘zlashtirib bo‘lmasdi, chunki Krim tatarlarining bosqinlari va Turkiyaning doimiy xavf solib turishi bu serhosil yerlarni egallash imkonini bermasli.

Lyudovik XV va Mariya -Terezaning Turkiyadan kutgan umidlari puchga chikdi, rus qo‘shinlari va floti Turkiyaga zarba berdi. Arxipelag yonida rus floti turk flotini mag‘lubiyatga uchratdi (1770) . Turkiyaning dengiz kuchlariga barxam berildi. Rossiya quruqlikda, Dunay knyazligi va Zakavkazeda ulkan g‘alabalarga erishdi.

O‘sha vaktda graf P. A. Rumyansev Rus xarbiy mahoratini o‘stirishda juda katta rol o‘ynadi, u rus otliq askarlarini qayta tuzish va piyoda askarlar harakatida kolonna-kolonna bo‘lib yurishdan iborat jangovor tartibni va yoyilib saf tortishni birinchi bo‘lib qo‘lladi. Rumyansevning asosiy strategik maqsadi dushman armiyasini yo‘q qilishdan iborat deb hisoblardi, bu maqsadga u ustalik bilan ya’ni tashabbusni ko‘lga olish va dushman qo‘shinlarini bo‘lak bo‘lak qilib tor-mor etish orqali erishishga intilardi.

Polshani taqsimlashni boshlovchi Prussiya edi. Lekin XIX asrda Vena kongressidan keyin Polshaning asosiy o‘lkalari chorizm asoratiga tushib kolgach, polyak va ayniqsa prus publitsistlari, Polshani taqsimlash Peterburgda ishlab chiqilgan degan fikrlarni bildirgan edilar.

Polshani birinchi taqsimlashda (1772) Fridrix II Polshaning dengiz bo‘yini bosib oldi. U olgan yerlar Avstriya va Rossiya olgan yerlardan kam, biroq ahamiyati jixatdan yuqori edi. Fridrix II sharkiy Prussiyani boshqa territoriyalari bilan butun kilib birlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Rossiyaga Belorussiyaning bir qismi-eng katta, lekin aholisi eng kam qismi berildi, Avstriyaga berilgan qismida esa aholisining soni kam, iqtisodiy rivojlanishi past edi.

Polshaning birinchi parchalab yuborilishi Polsha shlyaxta davlatining Prussiya, Rossiya va Avstriya tomonidan batamom yo‘q qilinishining boshlanishi edi.

1772 yilgi taqsimlashni yakunlashda shuni aytish lozimki. Rech Pospoliyataning qolgan butun territoriyasi Chor Rossiyasi ta’siriga o‘tdi.

1768-1772 yillardagi Rossiya — Turkiya urushi Turkiyani taksimlashni umum Yevropa miqyosidagi masalaga aylantirdi. 1774 yili Kuchuk-qaynarjada Rossiya bilan Turkiya o‘rtasida sulh tuzildi. Rossiya Qora dengiz bug‘ozlarida savdo kemalarining yurish xuqukiga ega bo‘ldi, Azov va Kerchni oldi. Turkiya Krimni mustaqilligini tan oldi, pravoslav cherkovini ta’qib kilmaslikni o‘z zimmasiga oldi. Bu sulh Rossiyaning tashqi syyosat sohasida erishgan juda katta yutug‘i edi.

1787 yili Rossiya-Fransiya savdo shartnomasi tuzildi, bu shartnomaga muvofiq Marselda rus tovarlari eng og‘ir bojlardan xalos bo‘ldi, fransuzlar ham imtiyozga ega bo‘ldilar.

Fransiyada burjua inqilobi yetilib kelayotgan vaqtda, Yevropaning markazida Avstriya bilan Prussiyaning kurashi davom etmoqda edi. 1778 yil Kurfyurst Bavarskiy vafotidan keyin, Iosif II Gabsburg Bavariyani Avstriyaning meros mulklariga qo‘shib olish maqsadida, bosib olishga urindi, ammo u Prussiyaning qarshiligiga uchradi. Meros uchun janjal boshlandi, vositachi Rossiya bu janjaldan foydalandi. Diplomatlarning Teshindagi kongressida (1779) u Avstriyaning Bavariyadan voz kechishga majbur qildi, Vestfaliya shartnomasiga ko‘ra Rossiya german davlatlari o‘rtasidagi janjallarga aralashish huquqiga ega bo‘ldi, Ruslarning ta’siri butun Germaniyaga  yoyildi.

1784 yili Avstriya yana mag‘lubiyatga uchradi, imperator Iosif II Gollandiyadan Shelda daryosining quyilish joyida, ya’ni Avstriya niderlandiyasining asosiy savdo yo‘lini Belgiya savdosi uchun ochib qo‘yishni talab kildi. Shelda daryosining quyilish joylari XVII asrdan boshlab, Belgiya savdosi uchun yopib qo‘yilgan edi. Bu Belgiyadagi viloyatlarning iqtisodiy rivojlanishiga to‘sqinlik qildi. Fransiyaning yordami bilan gollandlar Iosif II dan 10 mln. florin pul to‘lab qutuldilar, bundan 4, 5 florinini fransuz saroyi to‘ladi.

Iosif II bu mag‘lubiyatidan keyin o‘zining qolgan o‘lkalaridan uzoqda bo‘lgan zaif Niderlandiya viloyatlaridagi xukmronligini mustahkamlashdan umidini uzib, Avstriya Niderlandiyasini Bavariyaga almashtirmoqchi bo‘ldi. Fridrix II bu maxfiy rejani bilib qoldi va 1786 yili Avstriyaga qarshi Shimoliy Germaniya bilan O‘rta Germaniyaning «knyazlar ittifoqini» tuzdi. Iosif II chekinishga majbur bo‘ldi. Ittifoq tarqaldi.

1772 yilda Iosif II bilan Yekatirina II Usmon imperiyasini taksimlab olish fikriga keldilar. 1781 yilda ular Turkiyaga qarshi xarbiy ittifoq tuzdilar. Iosif II Serbiyani bosib olish va Avstriyaning Adriatika dengiziga chiqishga erishish niyatida edi Avstriya bilan ittifoq tuzilishi Rossiyaning sharkda keskin hujumga o‘tishi imkonini berdi. 1783 yildayoq Krim qo‘shib olindi va Gruziya ustidan rus protektorati o‘rnatildi.

Usmon imperiyasida rus va avstriys savdogarlarining huquqlari fransuz savdogarlarining huquqlari bilan tenglashtirildi. Qora dengiz bo‘yining, shu jumladan, Turkiya hukmronligi zamonida Rossiyani vayron qiluvchi bosqinlar kilib turgan Qrim tatarlarning tayanchi bo‘lib kelgan Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi, Rossiya janubida ishlab chikaruvchi kuchlarining rivojdantirishga imkon yaratdi.

Qurolli betaraflik ittifoqining vujudga kelishi, Rossiyaning aktiv siyosat yurgizishi va Polshaga va yaqin sharqqa ta’sir o‘tkazish sohasida erishgan muvaffaqiyatlari Angliya-Rossiya munosabatlarining keskinlashuviga sabab bo‘ldi. Uilyam Pitt Rossiyaga qarshi Usmon imperiyasini qo‘llab-quvvatlay boshladi. 1788 yili tuzilgan Angliya-Prussiya-Gollandiya ittifoqi Yekatirinaning tashqi siyosatiga qarshilik ko‘rsatdi. Yekaterina Uch davlat ittifoqiga qarshi to‘rt davlat koalitsiyasini ya’ni (Fransiya, Ispaniya, Rossiya, Avstriya) ittifoqini tuzmoqchi bo‘ldi. Ammo bunga erisha olmadi.

Angliya, Prussiya va Polshani gij-gijlayotgan Turkiya 1787 yili Rossiya tomonidan siqib qo‘yilgandi. Vengriyada va Belgiyada unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilishi xavfi bor edi, o‘z raqibidan qasdini olish uchun qulay fursat poylab turgan Prussiya hujum kilib qolishi mumkin edi.

1788 yili Avstriya ko‘shinlari turklar tomonidan tor-mor keltirildi. Sarosimaga tushib, qochish vaqtida kechasi imperatorning o‘z soldatlari tomonidan o‘ldirilishiga sal qoldi. 1788 yil 3 iyunda ruslarning F. F. Ushakov rahbarligidagi Qora dengiz floti Feodosiya yonida turk flotini yengdi. Ushakov Ochakov qal’asini uzok vakt qamal kilib turib, 1788 yilning dekabrida ishg‘ol qildi. 1789 yilning 23 sentabrida esa buyuk sarkarda A. V. Suvorov boshchiligida Rimpik daryosi yonida Turk armiyasini tor-mor qildilar.

Natijada rus harbiy san’ati Yevropada birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Yetti yillik urush vaqtida rus armiyasi Prus armiyasidan ustunligini isbot qildi. O‘z sostavi jihatidan milliy armiya bo‘lgan rus armiyasi qariyib uchdan bir qismi yollanma askarlardan tuzilgan Prus qo‘shinlaridan farq qilardi hamda Avstriya va Fransiya qo‘shinlaridan ancha ustun turardi. Suvorov manevr va shiddatli urushga ahamiyat berardi. Suvorovning ajoyib sarkardalik talanti 1787-1791 yillardagi Rossiya-Turkiya urushida ravnaq topdi va rus diplomatiyasining muvaffaqiyatlariga muhim omil bo‘ldi.